O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida viloyat sudlari sudyalari va sud apparati xodimlari bilan uchrashdi.
Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi sud tizimi – jamiyatda qonuniylik va adolat ustuvorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidlar ekan, partiyaning ushbu sohadagi ustuvor yo‘nalishlari, xususan, inson huquqlari, shaffoflik va javobgarlik tamoyillariga asoslangan islohotlar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etdi.

– Bugungi kabi uchrashuvlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizda sud-huquq islohotlari, fuqarolarning adolatli sud himoyasiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda sudyalar faoliyatidagi dolzarb masalalarni o‘rganishdan iborat. Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida barcha tizimlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni izchillik bilan amalga oshirish natijasida biz o‘z maqsadimizga birgalikda erishishimizga ishonchim komil, – dedi Robaxon Mahmudova.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda sudyalar ham o‘z faoliyatlarida uchrayotgan qonunchilikdagi muammolar yuzasidan bir qator amaliy taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.

O‘z navbatida, tadbir davomida Jizzax viloyati sudi raisi Akram Shukurov, viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonov va boshqalar O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy Kengashi raisining mazkur tashrifi sudyalar jamoasi uchun katta ilhom manbai, shu bilan birga, amaliy jihatdan muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, bunday muloqotlar nafaqat fikr almashish, balki qonunchilikni takomillashtirish, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada samarali tashkil etishda o‘ta muhim mexanizm sifatida xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tadbir yakunida Jizzax viloyati sudi raisi Akram Shukurov mehmonga Jizzax viloyati sudlari tarixiga bag‘ishlab yozilgan kitobni sovg‘a qildi. Bu kabi ochiq va samarali muloqotlar, shubhasiz, sud tizimini takomillashtirish, adolatni qaror toptirish va jamiyat ishonchini mustahkamlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari