Belbog‘li kurash
Joriy yilning 10-13 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha 2012-2013 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Sport vazirligi hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining yillik taqvimidagi mazkur chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 500 nafarga yaqin yosh polvonlar belbog‘li kurashning belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishida g‘oliblik uchun kurash tushdi.

Chempionatning birinchi kunida dastlab musobaqaning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Unda so‘z olgan Chiroqchi tuman hokimi Fayzulla Yusupov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov hamda federatsiya bosh kotibi Abduxalil Malikovlar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga, xususan, milliy sport turlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor xususida ta’kidlab, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

Shundan so‘ng musobaqa reglamentiga muvofiq, bellashuvlarga start berildi. Uch kun davom etgan chempionatda o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning klassik va erkin yo‘nalishida 13 ta vazn toifasida, qizlar esa erkin yo‘nalishda 9 ta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdi.

Ta’kidlash joiz, musobaqa murosasiz va keskin kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Ayniqsa, og‘ir vazndagi kurashchilarning chiqishlari muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA