Gruziyaning Batumi shahrida shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida FIDE jahon kubogining 3-tur o‘yinlari ortda qoldi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Umida Omonova FIDE jahon kubogining ilk bosqichlarida fransiyalik Sofi Milliyetni, Yevropa chempioni, polshalik Alina Kalinskayani mag‘lub etib, 3-turda qozog‘istonlik Elnaz Kaliaxmetni 1,5:0,5 hisobida taslim etdi.

Endi Umida Omonova 16 iyul kuni o‘tadigan 4-turda xitoylik grossmeyster Ley Tinsze bilan kuch sinashadi.
Kecha yakunlangan 3-tur o‘yinlari 2-partiyasidagi 10 ta uchrashuvidagi natijalarga ko‘ra, 10 nafar shaxmatchi keyingi bosqichga yo‘l olgan vaziyatda 6 ta juftlikdagi o‘yinlar tay-brekkacha davom etadigan bo‘ldi.

Bugun, 14 iyul kuni durangga erishgan juftliklar o‘rtasida tay-brek bahslari o‘tkaziladi. Ertaga 15 iyul musobaqa nizomiga binoan ishtirokchilar uchun dam olish kuni etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 676 ming 250 AQSH dollaridan iborat FIDE jahon kubogi musobaqalari 28 iyulga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA