Bugun butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari boshlandi.
Joriy yilda Andijon viloyatidan oliy o‘quv yurtlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish uchun 56 ming 26 nafar abituriyent test sinovidan o‘tadi.
– Joriy yilda test sinovlari Andijon shahridagi tanlab olingan beshta binoda o‘tkaziladi, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Andijon bo‘limi bosh mutaxassisi Rustamjon Azimov. – Test sinovi bilan bog‘liq barcha jarayonlar belgilangan tartiblar asosida tashkil etilmoqda. Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus aravachalar tashkil etilgan.
[gallery-24290]
Test sinovlari ikki smenada, ya’ni ertalab 08.00 dan 11.00 gacha va ikkinchi smena 15.00 dan 18.00 gacha o‘tkaziladi. Har smenada 2 ming 820 nafar, bir kunda 5 ming 640 nafar abituriyent test sinovidan o‘tishi, umuman, test sinovlari viloyatda 14-23 iyul kunlari davomida o‘tkazilishi belgilangan.
Abituriyentlar test sinovlariga pasport (ID karta) hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan kiritilmoqda.
Test sinovlarining birinchi kunida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning 200 nafardan ziyodi kelmadi.
Jarayonning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun test sinovi o‘tkazilayotgan hududlar kamera kuzatuvi bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, ota-onalar, umuman, keng jamoatchilik uchun kutish zali, test sinovi jarayonini onlayn kuzatib borish imkoni yaratilgan.
– Test sinovi juda tartibli o‘tdi, biror bir muammo yoki qiyinchilik bo‘lgani yo‘q, – deydi asakalik abituriyent Shahriyor Holmatov. – Test savollariga javob berib chiqdim, nasib etsa yuqori ball olaman. Barcha abituriyentlarga omad tilayman.
Imtihonlar jarayonida abituriyentlar salomatligini nazorat qilish va xavfsizlikni ta’minlash uchun sog‘liqni saqlash tizimi, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar xodimlari jalb etilgan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA