Toshkent shahrida O‘zbekiston kimyo texnologiyalari markazi bosh rejasini taqdim etish va muhokama qilishga bag‘ishlangan ochiq eshituv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tashabbus Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA, Koreya kimyo texnologiyalari tadqiqot instituti va “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan muhim loyiha hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat tashkilotlari vakillari, akademik doira va sanoat yetakchilari ishtirok etdi. Ular loyihaning strategik konsepsiyasi, texnik asoslari va amalga oshirishga oid “yo‘l xaritasi” bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Ushbu tashabbus strategik tafakkur, xalqaro hamkorlik va innovatsiyalarni birlashtirgan holda O‘zbekiston kimyo sanoatining tubdan yangilanishi, kuchli ilmiy-tadqiqot ekotizimini yaratishga xizmat qiladi, – dedi KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Park Seongmin xonim.
Koreya kimyo texnologiyalari tadqiqot instituti vitse-prezidenti doktor Choi Youngmin esa Koreyaning jahon darajasidagi kimyo ilmiy-tadqiqot muassasalarini yaratishdagi muvaffaqiyatli tajribasi va uni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatini alohida qayd etdi.
– Tadqiqot institutimiz ushbu bosh rejaga texnik ekspertiza va strategik yo‘nalish berayotganidan faxrlanadi, – dedi doktor Choi Youngmin. – Biz ushbu hamkorlik O‘zbekistonni MDH mintaqasida kimyo tadqiqotlari va texnologiyalari bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylantirishiga ishonamiz.
“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Akbar Qurbonov ushbu loyiha sanoatning raqobatbardoshligi va barqarorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Kimyo texnologiyalar markazi innovatsiyalarni ilgari suradi, mahalliy kadrlarni rivojlantiradi hamda ilg‘or va ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etadi. Bu – milliy ustuvor yo‘nalish va birgalikdagi muvaffaqiyatdir, – dedi u.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA