Yurtimiz ozodligi, mustaqilligi uchun kurashgan ma’rifatparvar yurtdoshlarimizni xotirlab, tarix sahifalarini varaqlaganimizda sharafli kasb egalari bo‘lmish o‘qituvchilarning ayni muhim jarayondagi fidoyiliklaridan hayratga tushamiz. Shunday millatparvar insonlardan biri Shokirjon Rahimiydir.
Shokirjon Rahimiy 1898-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasining barvaqt vafotidan so‘ng ikki o‘g‘ilni onasi Sharofat aya tikuvchilik orqasidan voyaga yetkazadi. Bilimga chanqoq va ziyrak nigohli Shokirjon 1903–1909-yillarda Munavvarqori Abdurashidxonovning besh sinflik birinchi bosqich va rushdiy “Namuna” maktablarida tahsil oladi. U Munavvarqori Abdurashidxonov tavsiyasi bilan kechki rus-tuzem maktabini bitirgach, Toshkent madrasalarining eng ilg‘or mudarrislaridan ham dars oladi. Shokirjon Rahimiy 1909-yildan boshlab jadid maktabida o‘qituvchilarga yordamchilik qildi. 1912-yilda o‘zining dastlabki o‘quv qo‘llanmasini nashr etdi. Ayni paytda “Rahimiya” maktabini ochib, unda 1919-yilgacha faoliyat yuritdi.
O‘z davrining ilg‘or yoshlaridan bo‘lgan Shokirjon Rahimiy 1914-1915-yillarda Muhammadxon Poshaxo‘jayev rahbarlik qilgan “Turon” jamiyati a’zosi, “Turon” teatr truppasi faoli va “Sadoi Turkiston” gazetasi adabiy xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 1917-yil “Fuqaho” jamiyati tuzilganida uning kotibi bo‘ldi. So‘ng Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Miyon Buzruk Solihov bilan birgalikda Turkistonda tom ma’nodagi siyosiy partiya tuzishga kirishadi. Ular Ozarboyjon “musovatchi”laridan Afandizodani Turkistonga taklif etib, “Turk adam markaziyat” partiyasini shakllantirishda foydalanadi. Jadid matbuotida o‘z qalami bilan tanilib ulgurgan Shokirjon Turkiston muxtoriyatini jon-jahdi bilan himoya qiladi. Biroq muxtoriyat bolsheviklar tomonidan qonli bostirilgach, u yana maorifga qaytadi.
Rahimiy 1924-yildan Moskvada o‘zbek yoshlari uchun tashkil etilgan Buxoro maorif uyi va ishchilar fakultetida mudir bo‘lib ishlaydi. 1927-yildan Toshkentda ishchi fakulteti direktori, 1928-yildan maorif instituti mudiri, so‘ng “O‘zbekiston” nashriyotida mudir bo‘ldi. U pedagog sifatida 1919-yilda chop etilgan o‘zbek tilidagi birinchi alifbe darsligi – “Sovg‘a”ning muallifidir.
Shuningdek, 1922-yilda uning “Kattalarga o‘qish”, “Alifbe darsligi”, 1924-yilda “Kattalar yo‘ldoshi”, 1925-yilda Shohid Eson Musayev bilan birga yozgan 4 jildli “O‘zbekcha til saboqlig‘i” darsliklari butun mamlakatga tarqatilgan edi. 1927-yilda “Kattalar alifbesi”, “Yashasun Turkiston”, “Batraklar alifbosi” kabi darsliklari, 1930-yilda “Savod”, 1932-yilda “O‘zbek tili ish kitobi” singari o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. Bundan tashqari, “Islom tarixi” kitobini yozdi, 1924-yil ilk bor milliy kalendar yaratdi. Shokirjon Rahimiy tilshunos sifatida o‘zbek tili terminlari hamda Otajon Hoshimning taklifi bilan o‘zbek tilidagi singarmonizm hodisasini o‘rganadi.
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni millatparvar jadidlardan biri Shokirjon Rahimiyga bag‘ishlanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AdS_fZrkv0U" title="Birinchi o`zbek alifbosi muallifi - Shokirjon Rahimiy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA