Mamlakatimizda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratilishi aholi daromadlarining oshishiga va turmush tarzini sezilarli darajada yaxshilash imkonini bermoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 18 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 fevraldagi “Aholiga dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida olib boriladigan aniq vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur tamoyil asosida Namangan viloyatida tijorat banklari tomonidan aholiga ijara asosida berilayotgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunali loyihalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Sulaymonovning ma’lum qilishicha, viloyat bo‘yicha 2024-2025 yillar ajratilgan yer maydonlariga joriy yil davomida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tijorat banklari tomonidan tumanlardagi 75 konturda joylashgan 795 gektar yer maydoni 3 ming 224 nafar ishsiz fuqaroga ajratib berilgan. Bugungi kunda mazkur hududlarda umumiy qiymati 20 milliard 400 million so‘mlik 75 ta namunaviy loyiha amalga oshirilmoqda. Bunda tijorat banklar ajratgan 4 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ham kutilgan samarasini bermoqda.
Dastlabki bosqichda mavjud konturlardagi 795 gektar maydonga, shu jumladan, 131 gektarga makkajo‘xori, 89 gektarga piyoz, 234 gektarga kartoshka, 80 gektarga qulupnay, 51 gektarga loviya, 52 gektarga kungaboqar, 12 gektarga pomidor, 124 gektarga tarvuz va qovun 10 gektarga turp ekinlari ekildi.

Ishsiz fuqarolarning yerga mehr bilan parvarishi, qolaversa, biriktirilgan usta tadbirkor dehqonlar tavsiyalari, banklarning amaliy ko‘magi natijasida dala yerlarida 93,4 milliard so‘mlik salkam 16 ming tonna hosili olindi. Quvonarlisi, har bir ijara yer egasining o‘rtacha daromadi 29 million so‘mni tashkil etmoqda.
Masalan, “Agrobank” Namangan viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Uchqo‘rg‘on tumani Qo‘rg‘oncha mahallasida tashkil etilgan bitta konturning 10 gektar maydonda 20 nafar ijarachi fuqaroga ajratilgan yer maydoniga agregator “Jobirxon oltin tolasi” fermer xo‘jaligi tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar asosida piyoz ekilib, parvarishlanmoqda.
Yoki Uychi tumani Dehqonobod mahallasidagi konturning 10 gektar maydonida 25 nafar ishchiz fuqaroga ijara asosida ajratilgan yerga agregator “Dedaxonboy fayz baraka” tomorqa xizmati ishlab chiqarish kooperativi tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar asosida makkajo‘xori ekilib, mo‘may daromad niyatida yetishitirilmoqda.

– “Bir kontur – bir mahsulot” bo‘yicha ilgari surilgan xayrli tashabbus biz yoshlarga nafaqat ish o‘rni, balki barqaror oilaviy daromad manbaini ham yaratib bermoqda, – deydi Chortoq tumani Keskanyor mahallasi hududida ijara asosidagi yerda dehqonchilik qilayotgan Munavvar Habibullayeva. – Ushbu tajriba, avvalo, davlatimiz tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishdagi imkoniyatlardan biridir. Ayniqsa, yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish va jamiyatda munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarning yorqin namunasidir. O‘zim tug‘ilib o‘sgan Keskanyor mahallasi hududida “Yoshlar daftari” orqali 15 sotix yer maydoniga ega bo‘lib, unga kartoshka ekib, bugungi kunda oilaviy daromadim oshishi bilan bir qatorda, tengdoshlarimga ham ibrat bo‘lmoqdaman.

To‘raqo‘rg‘on tumani Kumidon mahallasi hududida tashkil qilingan 10 gektar yer maydoniga o‘tgan yili sarimsoqpiyoz ekilgan edi. Dehqonlarga bank tomonidan 300 million so‘m imtiyozli kredit ajratib berilgan. Xususan, dehqon Bahodir Abdumalikov o‘ziga ajratilgan maydonda sarimsoqpiyoz hosilini yig‘ishtirib olmoqda. Kuniga bu yerda 35 kishining mavsumiy bandligi ham ta’minlangan.
Norin tumani Pastki Cho‘ja mahallasi hududida 10 gektar yer maydoniga usta dehqonlar tomonidan fevral oyida plyonka ostiga ekilgan kartoshka hosili yig‘ishtirib olindi. Dehqon Anvarjon Uzoqov boshchiligida mavsum davomida har kuni 50 nafarga yaqin fuqaro mavsumiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Muhimi, dehqonlar kartoshkani arzon narxlarda bozorga yetkazib berib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.