Polsha 7 iyuldan boshlab Germaniya bilan chegara hududida doimiy chegara nazoratini joriy etdi. Tegishli chora kamida 5 avgustga qadar amal qiladi. Hozirda 52 ta nazorat-o‘tkazish punktida tanlab tekshirish o‘tkazilmoqda. Polsha yaqin orada Litva bilan chegarada ham shunday choralarni qo‘llamoqchi.
Chechenistondan Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun 60 344 nafar jangchi yuborilgan. Bu haqda respublika rahbari Ramzan Qodirov ma’lum qildi. Urushga yuborilganlarning 22 064 nafari ko‘ngillilardir, ayni paytda jangovar harakatlar zonasida 13 ming jangchi bor. Qodirov 7 may kuni Rossiya prezidenti bilan uchrashuvda urush boshlanganidan beri Chechenistondan 55,5 ming jangchi, jumladan, 21,6 ming ko‘ngilli yuborilganini aytgandi.
Eron prezidenti Isroil maxsus xizmatlari tomonidan unga qarshi uyushtirilgan muvaffaqiyatsiz suiqasd haqida ma’lum qildi. Bu haqda u amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida ma’lumot berdi. Pezeshkiyonning so‘zlariga ko‘ra, qotillikka urinish Eron rahbariyatining boshqa yuqori martabali vakillari bilan uchrashuv paytida sodir bo‘lgan. Isroil uchrashuv o‘tkazilayotgan joyga zarba berishga uringan. Siyosatchi Qo‘shma Shtatlarni bu voqeaga aloqador emas deb hisoblaydi.
Italiyaning Milan shahridagi Bergamo aeroportida samolyot dvigateliga kirib ketgan erkak vafot etdi. Uchoq 8 iyul kuni Ispaniyaning Asturiya shahriga uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqqan paytda noma’lum shaxs yugurib kelib, harakatdagi dvigatelga yaqinlashgan va uning ichiga tortilib ketgan. Fojia samolyot hali havoga ko‘tarilmasidan avval ro‘y bergan.
Bitkoin narxi 9-iyul kuni 112 ming dollardan oshib, yangi rekord o‘rnatdi. Bu investorlarning xatarli aktivlarga bo‘lgan global talabining o‘sishi sabab yuzaga keldi. Rekord qayd etilishiga bitkoin defitsitining 200 million dollarlik likvidatsiyasi asosiy turtki bo‘lgan. Bitkoinning narxi 9-iyul kuni so‘nggi hafta davomida 5,95 foizga ko‘tarilib, birinchi marta tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich — 112 ming dollardan oshgan. Binance va Conibace platformalarida qayd etilgan ushbu ko’rsatkich kriptovalyuta bozoridagi eng yuqori narx sifatida qaralmoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya armiyasi kuniga mingta dron uchirishga tayyorlanayotganini aytdi. Bu haqda u Rimdagi Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiyada ma’lum qildi. Zelenskiyning aytishicha, Rossiyaning asosiy maqsadi — uzoq davom etuvchi havo trevogalari orqali Ukraina jamiyatida vahima va beqarorlik uyg‘otishdir. Biroq Ukraina bu tahdidlarga qarshi samarali vositalarga ega va hujumlarga munosib javob qaytaradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zqgXyuY-53Q" title="HAFTA DAYJESTI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA