Qozog‘istonning Ostona shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida qit’aning eng kuchli jamoasi ekanini amalda namoyish etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Qit’aning 20 dan ziyod davlat vakillari bilan kechgan murosasiz bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari dast ko‘tarish, siltab ko‘tarish va ikki kurash natijalariga ko‘ra, 58 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddi va mutaxassislari yosh og‘ir atletikachilarimizning 5 ta oltin, 13 ta kumush va 10 ta bronza, jami 28 ta medalga ega chiqqani, o‘smir og‘ir atletikachilarimiz 3 ta oltin, 7 ta kumush, 20 ta bronza, jami 30 ta medal bilan Osiyoning eng kuchli jamoasi ekanini amalda isbotlaganini e’tirof etishdi.
-Yoshlar va o‘smirlar terma jamoamiz qit’a chempionatida munosib natija qayd etdi. Bu, hududlarda mahoratli yoshlarni saralash, tanlash tizimidagi ishlarimiz to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolat. Endigi maqsadimiz, bu yoshlarni tizimli tarzda katta musobaqalarga tayyorlash. Sababi, aynan Ostona sport maydonlarida zafar quchgan yosh polvonlarimiz kelgusida Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar sanaladi, - deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Olim Mahmudov.
Mutasaddilar mahoratli sportchilarni tayyorlash borasida mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar, yangicha tizimda tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlari qit’a chempionatidagi g‘alabalarga poydevor bo‘lganini ta’kidlashdi.
Bundan tashqari, Ostonadagi muvaffaqiyat joriy yil 28 sentyabr - 8 oktyabr kunlari Ozarbayjonda o‘tadigan III-MDH o‘yinlari, 22–31 oktyabr kunlari Bahraynda o‘smirlar o‘rtasida bo‘ladigan III yozgi Osiyo o‘yinlari singari kompleks musobaqalar oldidan yosh sportchilarimizga katta ruhiy quvvat bo‘lishi aytib o‘tildi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA