Ta’lim – jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biri. Uning har bir bosqichi yuksak mas’uliyat va tizimli yondashuvni talab qiladi. Shu ma’noda, 2025/2026 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalari hamda litseylarga qabul jarayonlarini tashkil etishga bag‘ishlangan brifingda yurtimizdagi ta’lim muassasalariga qabulni yuqori darajada va shaffof o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda joriy yilning 14 iyulidan 23 iyuliga qadar, ya’ni 10 kun davomida respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari tashkil etiladi.
Bu jarayon abituriyentlar uchun o‘z bilim va tayyorgarlik darajasini namoyon etish, hamda orzu qilgan ta’lim maskaniga yo‘l olishda hal qiluvchi bosqich hisoblanadi.
Qayd etish lozimki, 2025/2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5 iyundan 25 iyunga qadar onlayn tarzda amalga oshirildi. Bunda respublika bo‘yicha jami 671 ming 397 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.
Shundan, abituriyentlarning 426 ming 685 nafarini (63,6 %) joriy yil bitiruvchilari, 244 ming 712 nafarini (36,4 %) oldingi yillar bitiruvchilari tashkil etdi. Gender tarkibi bo‘yicha esa, 361 ming nafar (53,8 %) abituriyent — xotin-qizlar, 310 ming 378 nafari (46,2 %) — erkaklardan iborat. Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga 39 ming 307 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar tomonidan taqdim etilgan xalqaro sertifikatlar tizimli ravishda o‘rganib chiqildi. Natijada, 18 ming 854 ta sertifikat haqiqiy deb topildi va tan olindi. Shu bilan birga, 3 370 ta sertifikat belgilangan talablarga javob bermagani, ya’ni darajasi yoki turi mos kelmagani, amal qilish muddati tugagani yoxud haqiqiyligi tasdiqlanmagani sababli qabul qilinmadi.
Joriy yilda test sinovi topshiriladigan barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 678 nafar abituriyent imtihonlardan ozod etilib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazildi. Ta’kidlash joiz, 2024 yilda bunday imkoniyatdan faqat 1 nafar abituriyent foydalangan edi.
Umuman olganda, bu yil abituriyentlar bilim darajasini rasmiy sertifikatlar orqali tasdiqlashda yuqori faollik ko‘rsatmoqda. Jumladan, 85 ming 140 nafar yosh umumta’lim fanlaridan, 58 ming 216 nafari esa chet tillaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega ekani ma’lum bo‘ldi. Solishtirish uchun aytish mumkinki, 2024 yilda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 13 ming 180 va 44 ming 834 nafarni tashkil etgan edi.
2025 yildan boshlab, fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul maxsus tartibda amalga oshirilmoqda. Ya’ni, bu yo‘nalishlarga faqat xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinadi. Ushbu talabga mos fanlar majmuasini tanlagan va belgilangan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar soni joriy yilda 22 ming 41 nafarni tashkil etdi.
Test sinovlarining ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida keng jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda 3 ming nafardan ortiq nomzod keng jamoatchilik orasidan saralab olinib, guruh nazoratchisi sifatida test sinovlariga jalb etildi.
Test sinovlari joriy yilning 14 iyulidan 23 iyuligacha bo‘lgan muddatda ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 dan 11:00 ga qadar, ikkinchi smena esa 15:00 dan 18:00 ga qadar belgilangan.
2025/2026-o‘quv yili qabulida kasbiy (ijodiy) imtihoni mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun imtihonlar respublika bo‘yicha 2025 yil 7 iyul kunidan boshlab 52 ta oliy ta’lim muassasasida o‘tkazilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA