AQSH Braziliya importiga nisbatan 50 foiz boj e’lon qildi, deb xabar bergan “Yevronyus”. Tabiiyki, bu xabar Braziliya hukumatini sergak torttirdi.
Prezident Lula da Silva holatga tezkor munosabat bildirarkan, mamlakati ayni qarorga iqtisodiy qonunchilikda belgilangan me’yorga tayanib javob berishini aytdi. Ya’ni, “foiz stavkasini bir tomonlama oshirish” mantiqan noto‘g‘ri. Shuningdek, kutilmagan qarorlaridan norozi Braziliya yetakchisi “Trampning xayoli joyida emas” degan ma’noda, unga “internetda kamroq o‘tirish”ni tavsiya qilgan. Tramp esa bunday qadam qo‘yilishiga sobiq Prezident Jair Bolsonaru ta’qib qilinayotganini sabab sifatida ko‘rsatgan. Aniqrog‘i, “Braziliyadan kirib kelayotgan mahsulotlarga 50 foiz soliq solinishi do‘stim Bolsonaru ta’qib etilishi bilan bog‘liq” deya ochiq fikr bildirgan.
Jair Bolsonaru 2022 yil saylovda yutqazdi. Hozirgi hukumat uni mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng hokimiyatda qolish uchun davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinishda ayblamoqda. Bolsonaru va Tramp juda yaqin munosabatda. Ikkalasi ham lavozimda payti Donald Jairni Florida shtatidagi qarorgohiga bir necha marta mehmonga chaqirgan. Xullas, Amerika rahbari do‘stiga qilinayotgan ta’qib uchun tarif oshirilayotganini ochiq tan oldi.
Tramp Janubiy Amerika davlatining sobiq prezidentga qarshi harakatini “xalqaro miqyosdagi sharmandalik” deb atadi va jarayonni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Yetakchi bu haqda amaldagi hamkasbiga noma yo‘llagani ham ma’lum. O‘z navbatida Braziliya Prezidenti xalq manfaatiga zid har qanday holatga qarshi ekanini bildirgan. Jair Bolsonaru mamlakati Oliy sud oldida, saylovdagi mag‘lubiyatga qaramay, hokimiyatda qolish uchun fitna uyushtirgani ehtimoli haqida guvohlik berdi.
Tahlilchilar fikricha, sud sentyabr oyida ish bo‘yicha uzil-kesil qaror chiqarishi mumkin. Gumonlanuvchiga 2030 yilgacha prezidentlikka nomzodini qo‘yish taqiqlangan.
U AQSHning tarif masalasiga doir e’loniga izoh bermagan bo‘lsa-da, o‘zini siyosiy ta’qibga uchragan, deb hisoblamoqda.
Tramp esa Bolsonaruni ta’qibdan qutqarish uchun butun boshli Braziliya iqtisodiyotini qiyin ahvolga solishga urinyapti. Bu qanchalik to‘g‘ri qaror ekan?
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xo3MfT-_n60" title="Hammasiga Bolsonaru sababchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA