Islomobodda elektron tijoratni rivojlantirishga bag‘ishlangan “GLOBE Pakistan Summit-2025” sammiti bo‘lib o‘tdi.
Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan, O‘zbekistonning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev maxsus mehmon sifatida qatnashgan tadbirda Bosh vazir yordamchisi Rana Ehson Afzal Xon, shuningdek Tashqi ishlar va Savdo vazirliklari, Savdoni rivojlantirish agentligi, Davlat banki rahbar xodimlari, diplomatik korpus va biznes, xususan “Ali Baba”, “Daraz”, “Jazz Cash”, “Wildberries”, “DHL Express” singari xalqaro kompaniyalar vakillari ham ishtirok etdi.
Rana Ehson Afzal Xon Markaziy Osiyo va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi bilan savdo-iqtisodiy aloqani raqamli vositalar orqali mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Bunda O‘zbekistonning mintaqadagi tranzit va logistika manzili sifatidagi yetakchiligini qayd etdi.
Elchimiz yurtimizdagi raqamli transformatsiya, logistika infratuzilmani rivojlantirish, elektron tijorat platformasini kengaytirish kabi sohadagi ustuvor sa’y-harakatlarga to‘xtaldi. Raqamli to‘lov tizimini takomillashtirish va transchegaraviy onlayn savdoni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlar haqida ham ma’lumot berdi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Komron Muhammadiyev “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari haqidagi ma’ruzasida onlayn to‘lov, raqamli logistikani rivojlantirish, global elektron savdo platformalariga integratsiya bo‘yicha rejalarni taqdim etdi.
Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi rahbari Fayz Ahmad, o‘z navbatida, 2024 yil 4 noyabr kuni ikki davlat o‘rtasida imzolangan elektron tijorat sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini tezroq amaliyotga tatbiq etish zarurligini qayd etarkan, qo‘shma loyihalar amalga oshirishni taklif qildi. Mezbon tomon ushbu sohada hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Sammit doirasida ekspertlar mintaqaviy elektron tijorat tizimi istiqboli va bu yo‘ldagi muayyan chaqiriqlarni muhokama qildilar.
AzizaAlimova, O‘zA