Munosabat
Keyingi yillarda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligi, transport infratuzilmasi va yo‘l madaniyati bo‘yicha islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Har yili soha taraqqiyotiga milliardlab mablag‘lar ajratilib, zamonaviy texnologiyalar joriy etilyapti.
Jumladan, so‘nggi yetti yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratildi – bu 2017 yilgacha ajratilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun elektron planshetlar, bodikameralar, sun’iy intellektga asoslangan tizimlar joriy etildi. Haydovchilikka imtihonlardan tortib, texnik ko‘rikkacha bo‘lgan 8 ta xizmat xususiy sektorga o‘tkazildi.
Biroq mablag‘ va texnika – muammolarni butunlay hal qilmaydi. Yo‘l infratuzilmasi, tashkiliy tizim, fuqarolik madaniyati va nazorat kuchining samaradorligi muhim o‘rin tutadi. Chunki, yo‘llarda halok bo‘layotgan fuqarolar faqat raqam emas – ular tirik insonlar, oila, jamiyat uchun betakror qadriyat egalaridir.
Shu bois, tahlil va statistikalar sohada tub islohotlarni izchil davom ettirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2025 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan tahlillar 20 ta hududda avariyalar soni yuqori darajada qolayotganini ko‘rsatmoqda. Lekin bir qator tuman va shaharlarda o‘lim holatlari umuman qayd etilmadi. Bu esa hududiy rahbarlar, YHXX va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligidan dalolatdir.
Masalan, Chust tumanidagi D-105 yo‘lida muhofaza to‘siqlari o‘rnatilgandan keyin, bu yo‘lda ilgari yiliga 10 kishi vafot etayotgan bo‘lsa, bu yil o‘lim holati kuzatilmadi. Boshqa tarafdan qaralsa, Qiziltepa, Urgut, Yakkabog‘, Denov kabi tumanlarda yo‘llardagi halokatlar soni hanuz yuqori. Bu hududlarda yo‘l harakati tashkil etilishi, svetoforlar, yo‘l belgilari va piyoda yo‘laklarining yetishmasligi – inson hayotiga xavf tug‘dirmoqda.
Shu bois, kuni kecha mas’ullar ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident tomonidan e’lon qilingan “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi – bu yo‘llarda halokatlarni kamaytirishga yo‘naltirilgan qat’iy va tizimli yondashuvdir. Endi ushbu dastur doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.
Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi. Bu yil jamg‘armaga barcha manbalar hisobidan 400 milliard so‘m tushishi prognoz qilingan. Bunga qo‘shimcha, foto-video radardan byudjetga tushadigan jarimaning 25 foizi ham jamg‘arma va uning filiallariga yo‘naltiriladi.
Aholi va haydovchilar fikriga ko‘ra, yo‘llardagi muammolarning yana bir sababi jamoat transportining samarasizligidir. Chunki, shaharlararo avtobuslar yo‘lovchi to‘lmasa yo‘lga chiqmaydi. Buning asosiy sababi – subsidiyalar mexanizmining yetishmasligi.
Buning yechimi sifatida poytaxt va viloyatlararo jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi. Sentyabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelinadi.
Bu yo‘nalishdagi avtobus va mikroavtobuslar uchun yo‘lovchi boshiga subsidiya beriladi. Avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan imtiyoz yana uch yilga uzaytiriladi va imtiyoz mikroavtobuslarga ham joriy qilinadi. Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan imtiyoz uch yil davomida jamoat transporti uchun ham qo‘llanadi.
Yo‘llardagi muammolarning yana birbu – inson faktoridir. Haydovchilarning tegishli foizi qo‘pol qoidabuzarlar ekani qayd etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan “jarimani to‘ladim – demak, xohlaganimni qilaman” tushunchasi yo‘llarda beqarorlik olib kelmoqda.
Prezident tashabbusi bilan “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi. Qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi.
Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Shuningdek, tezlik uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqib, me’yordan 2-3 karra tez yurganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi.
Umuman olganda, tizimli nazorat, jamoatchilik ishtiroki, shaffof mablag‘ taqsimoti, raqamlashtirish va madaniy yondashuv kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi har kuni yuz berayotgan yo‘l halokatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy
masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA