Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida sport kurashlari bo‘yicha U20 yosh toifasida davom etayotgan Osiyo chempionatining yunon-rum kurashi musobaqalari yakunlandi.
Qit’aning eng kuchli milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tgan bahslarda mamlakatimizning yosh yunon-rum kurashi ustalari munosib natijaga erishdi.
Chempionatning bir kun oldingi bellashuvlarida terma jamoamiz a’zolari Amirxon Berdiqulov -130 kilogramm og‘irlikda kumush, Bobur Abdurasulov -87 kilogrammda bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Kecha o‘tgan musobaqalar davomida mahoratli kurashchilarimizdan Ahmad Qodirov -72 kilogrammda oltin, Fayozbek Eshmirzayev -67 kilogrammda, Azimjon Soatullayev -82 kilogrammlilar o‘rtasidagi bellashuvlarda kumush, Xurshidbek Normuhammedov -60 kilogrammda bronza medaliga ega chiqdi.

1 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.
4 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan Eron terma jamoasi birinchi, 2 ta oltin medal sohibi bo‘lgan Qirg‘iziston vakillari 2-o‘rindan joy oldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA