Dunyodagi eng hayratlanarli tarixiy ob’ektlardan biri – Turkiyaning Kappadokiya mintaqasida joylashgan Derinkuyu yerosti shahri. Bu nafaqat arxeologik mo‘’jiza, balki inson aqli va irodasining eng yorqin namunasidir. 20 qavatgacha chuqurlashgan, minglab odamlarga boshpana bo‘lgan bu yerosti shahri – faqatgina qurilishdagi mahorat emas, balki tarixdagi fojealar, qo‘rquvlar va tirik qolish uchun qilingan kurashning jonli guvohidir. “Derinkuyu” – turk tilida "chuqur quduq" degan ma’noni anglatadi. Bu yerdagi shahar tog‘ jinslarini o‘yib yaratilgan bo‘lib, taxminan 10-12 ming odamni bir vaqtda o‘ziga sig‘dirgan.
Shahar jami 18-20 qavatgacha chuqurlashgan bo‘lib, uning eng tub qismi 85 metrgacha yetadi. Har bir qavat o‘ziga xos vazifalarga ega: ovqat omborlari, ibodatxonalar, maktablar, hayvonlar uchun inshootlar va hatto havo tizimi mavjud bo‘lgan.
Derinkuyu shahri miloddan avvalgi VIII – V asrlar orasida qurilgan bo‘lishi mumkin. Ayrim arxeologlar uning ilk bosqichlari hettlar, ya’ni qadimgi Anatoliya sivilizatsiyasiga tegishli deb taxmin qilishadi. Boshqalar esa uni xristianlar o‘z jonini saqlash uchun Rim va Vizantiya qiynoqlaridan qochib qurgan deyishadi. Qaysi xalq barpo etganidan qat’i nazar, bu qurilish elektr, zamonaviy texnika yoki yuqori texnologik uskunalarsiz amalga oshirilgani – insoniyat tarixi uchun eng katta savollardan biridir.
Bu shahar nega yer ostida qurildi? Javob – qo‘rquv va ommaviy xavflar. Urushlar, bosqinlar, diniy ta’qiblar, vahshiy qabilalarning hujumlaridan yashirin bo‘lish uchun odamlar yer ostiga ko‘chishdi. Derinkuyuning naqd 600 dan ziyod eshigi bo‘lib, ularning har biri tashqaridan yopiladigan ulkan tosh disklar bilan muhofazalangan. Shahar ichidagi tor yo‘laklar hujumchi armiyaning katta miqdorda kirishiga yo‘l qo‘ymaydi – himoya taktikalari hayratlanarli darajada aniq va oqilona.
Eng hayratlanarli jihatlardan biri – havo va suv tizimi. 20 qavatli yer osti shaharining har burchagiga havo yetib borishi uchun havo shoxobchalari o‘yilgan. Bu shoxobchalar chuqurlikda ham toza havoni ta’minlagan. Suv esa maxsus quduqlar orqali olingan bo‘lib, shahar ichidan tashqariga chiqmasdan hayot kechirish imkoni bo‘lgan.
Eng qizig‘i, bu shahar tarix kitoblarida yuzlab yillar davomida tilga olinmagan. Faqatgina 1963 yilda, mahalliy aholi o‘z uyini ta’mirlayotganida devorning ortidan sirli xonani kashf etadi va bu – butun tarixning yuzini o‘zgartiruvchi topilmaga aylanadi. Keyinchalik arxeologlar bu xonalar butun shaharga ulanganini aniqlashdi. Ya’ni, dunyoning eng katta yerosti shaharlaridan biri odamzodning ko‘z o‘ngida yashirin holda yuzlab yillar davomida saqlanib kelgan.
Derinkuyu – bu shunchaki turistik manzil emas. Bu – insoniyatning har qanday xavf-xatarga qaramay tirik qolish, jamiyatni saqlab qolish va erkin yashash uchun qanday mehnat va ijodkorlik qila olishini namoyon etuvchi tarixiy saboq. U nafaqat yer ostidagi shahar, balki yer yuzidagi insoniy irodaning ramzidir.
Shuning uchun ham Derinkuyu – bu faqat qadimgi qurilish emas, balki savollarga to‘la, javoblari esa faqat qiziqayotgan va izlanayotgan odamlargina topa oladigan haqiqiy sirli olamdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/uUPq1cnG3GU?si=4prxaq-mWJl0vo3y" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Iskandar Ismatov, O‘zA