_
“Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy,
madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart.
Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 61-modda.
Internetda bir videolavhaga ko‘zim tushdi. Lavhada qaynota bilan kelin ishqiy munosabatga kirishgan. Bu juda ham xavfli, nihoyatda og‘ir, o‘ta jirkanch epizod.
Bu filmni ko‘rgan o‘g‘illarda o‘z otasiga nisbatan shubha uyg‘onib, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, hamma qaynotalar ham shunday ishni qiladimi, degan fikr ko‘p o‘g‘illarning xayolidan o‘tmasdan qolmaydi. Millionlab qaynotalar shu lavha tufayli o‘z oilasida xijolat bilan yashaydi.
Internet tarmoqlarida ko‘pchilik vatandoshlar qoldirgan fikrlarni ham o‘qidim. Menga taskin bergani yurtdoshlarimiz film ijodkorlariga nisbatan kuchli nafratda ekanidir.
Qaynota-kelin... Ha, so‘nggi paytlarda o‘zbek xalqi – ulug‘ xalq ma’naviyatiga buzuqlikni singdirayotgan, ayniqsa, qaynota va kelinning, ota va qizning insonga xos bo‘lmagan soxta siymosini yaratib, ishqiy suhbatlar qahramoniga aylantirayotgan uyatsiz, sharmandali, behayo videomateriallar ko‘payib borayotgani sir emas.
Qaynota-kelin, ota-qiz yoki boshqa qarindoshlik rishtalari ostidagi insonlar o‘rtasida isnodli muhabbatni tasvirlaydigan katta-kichik filmlar ota bilan o‘g‘il, ona bilan qiz o‘rtasiga shubha soladigan, oilalar nufuziga salbiy ta’sir qiladigan eng og‘ir va jirkanchli vositagina bo‘lib qolmay, jamiyatda ma’naviy tanazzulni ham kuchaytiradi, yoshlar ongini-yu qalbini buzib, ularda kattalar haqida faqat shubha, yomon fikrlar qoldiradi. Tasavvur qiling, mazmun-mohiyati hayosiz munosabatlar, oilaviy janjallar va qarama qarshiliklardan iborat bo‘lgan bunday filmlarni ko‘rgan boshqa xalqlar orasida o‘zbek millatiga nisbatan qanday fikrlar uyg‘onishi mumkin?
Bu kabi, uyatsiz, xalqimiz odob-axloqiga zid bo‘lgan ssenariylar asosida yaratilgan kinolar, jamiyatni ma’naviy inqirozga yetaklaydi. Shunday ekan, bunday qo‘shtirnoq ichidagi san’at asarlarini nafaqat yosh avlod tarbiyasiga, balki umummilliy ma’naviyatga jiddiy tahdid, deb qarash kerak.

Ular o‘ziga xos “dramaturgiya” sifatida taqdim etilib, millionlab yoshlar, ayniqsa, o‘smirlar ongini zaharlab, ma’rifat o‘rniga fahshni, muqaddas ma’naviyat o‘rniga buzuqlikni singdirishga xizmat qilmayaptimi?
Bu videofilmlar ssenariysida ayrim hollarda o‘g‘il uyda bo‘lmagan paytda qaynota kelin bilan “hissiyot”ga beriladi, yoki ayolidan ranjigan ota qizining bag‘ridan “panoh” izlab, orom topadi. Bunday axloqiy me’yorlarga zid voqealarni san’at asari deb baholash va namoyish etish, menimcha, ma’naviy qashshoqlikdir.
Vaholanki, san’at inson qalbiga ta’sir etadigan kuchli vosita ekan, uning zarari faqat bir kunlik emas, balki butun avlodning ongida iz qoldiradi. Har bir san’at asarida mas’uliyat birinchi darajali majburiyat bo‘lmog‘i lozim. Chunonchi, san’at – axloqiy yuksaklikni va javobgarlikni talab qiladi.
Biz faqat yangi texnologiyalar bilan qurollanadigan emas, balki yuksak ma’naviyat va axloq asosida rivojlanadigan jamiyat qurayapmiz. Buning uchun esa milliy qadriyatlar, oilaviy muqaddaslik va ma’rifat targ‘iboti kino, serial, ijtimoiy media kabi ommaviy platformalarda birinchi o‘rinda turishi kerak. Millat ma’naviyatining birinchi dushmani – axloqiy inqiroz. Uni kino va seriallar orqali targ‘ib qilish esa shunchaki behayolik emas, jamiyatga qarshi qasddan qilingan tajovuzdir.
Xalqimiz tomonidan davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi talablarini esdan chiqardikmi?
Qani, endi ayrim kinochilarimizning va bu sohaga mas’ul davlat organlarining xalq ma’naviy merosini avaylab asrashdagi mas’uliyati? Qani, insoniy qadriyatlarga munosabat? Qani, yosh avlod oldidagi mas’uliyat? Qani, qonunlarga itoatkorlik va hurmat?
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, keng jamoatchilikning fikriga tayangan holda bu kabi ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash zarur.
Shu maqsadda, axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi, shuningdek, xalq madaniyati va milliy ma’naviyatiga zid mahsulotlarni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish kabi ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksini yangi 189/3-modda bilan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini 130/2-modda bilan to‘ldirib, jazo choralari belgilashni taklif etaman.
Zero, milliy ekran – millat ko‘zgusi. Unda umuminsoniy axloq me’yorlariga zid mavzularni yoritish – ijod emas, uyatsizlik, behayolik. Bizning san’atimiz faqat poklik, ma’rifat va qadriyatlarga asoslangan, millatimizning sha’nini ulug‘laydigan, obro‘sini ko‘taradigan, buyuk ajdodlarimiz siymosini, xalqimiz yutuqlarini, mamlakatimiz taraqqiyotini namoyish etadigan filmlar yaratish uchun xizmat qilsin. O‘shanda biz shu Vatan oldidagi farzandlik burchimizni sadoqat bilan bajargan bo‘lamiz.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘zA