“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan to‘lov xizmatlari bozorida xavfsizlikni ta’minlash masalalariga oydinlik kiritilmoqda.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida mazkur qonun ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun moliyaviy firibgarliklarning oldini olishga, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini samarali himoyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Bu qonun jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlashga va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga xizmat qilishi qayd etildi.
Majlisda “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi. Amaldagi normalarni tizimlashtirish va birxillashtirish hamda ijobiy xorijiy tajribadan kelib chiqib, ularni to‘ldirish zarurati yuzaga kelayotgani aytib o‘tildi. Ushbu qonun ana shunday bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar ushbu qonunlar kelgusida to‘lov xizmatlari bozorida xavfsizlikni ta’minlashiga huquqiy asos yaratishiga urg‘u berdi. Shuningdek, mazkur hujjatlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgani alohida qayd etildi.
Muhokama yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA