Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoiti, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Bu safargi yo‘nalish Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini qamrab oldi. Ularni Bunyodkor ko‘chasi bog‘lab turadi. Ushbu markaziy ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirildi.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yo‘l bo‘yi obod qilingan. Ajoyib landshaft dizayni, favvoralar, turfa chiroqlar hududga yanada ko‘rk bag‘ishlagan. Odamlar sayr qilishi, ovqatlanishi, mazmunli dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Shu maqsadda bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik sub’ekti tun-u kun ishlash tartibiga o‘tkazildi. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etildi. 500 kishi ish bilan ta’minlandi.
Ko‘chaga yondosh hududdagi Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalarida 18 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu o‘zgarishlar, avvalo, shu insonlar turmushida seziladi. Qolaversa, hozir bu joyga yiliga 255 ming mehmon tashrif buyurmoqda. Endi ularning sonini yiliga 1 millionga yetkazish uchun sharoit bor.
So‘nggi yillarda yurtimizda turizm sohasida 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi. Hududlarda sayohat va servis infratuzilmasi yaxshi rivojlanayapti. Turizm qishloqlari, mehmon uylari, gastronomik ko‘chalar qo‘llab-quvvatlanayapti.
Poytaxtimizning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum ko‘chalar tashkil etilgan. Bunyodkor ko‘chasi mazkur turizm halqasining bir qismi bo‘ladi. Umuman, Toshkent shahrida 26 ta ko‘chani tun-u kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Shu yerda zamonaviy bekatlar hamda avtoturargohlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasida bo‘ldi.
Mamlakatimizdagi islohotlar “nafasi” har bir hududga kirib boryapti. Aholi bandligi va turmush madaniyatiga qaratilayotgan e’tibor ushbu mahallada ham namoyon. Ko‘p qavatli uylar, do‘konlar, fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy qiyofaga ega. Ichki yo‘llar tekislanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan. So‘lim sayilgoh va piyodalar yo‘lagi, nuroniylar oromgohi, sport va bolalar maydonchalari barpo etilgan.
Yangi Kamolon mahallasida 4 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. 60 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band. Bu yil hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik do‘konlari, novvoyxona tashkil etildi, xususiy tibbiyot punkti ochildi. Natijada mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylandi.
Shu yerda Shayxontohur tumani “Islohotlar shtabi” faoliyati to‘g‘risida axborot berildi.
– Shayxontohurda hunarmandchilik azaldan mavjud bo‘lgan. Bugun ham tumanda odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlashda bu katta manba. Shuning uchun Shayxontohur misolida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar rejasini qabul qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Bu yil mahallada bironta ham jinoyat sodir bo‘lmagan.
“Yangi Kamolon” boshqaruv servis kompaniyasi mahalladagi 21 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ustalar va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil markaziy issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi, elektr tarmoqlari va uylarning yo‘laklari ta’mirlandi. Ayrim uylarga yangi liftlar o‘rnatildi.
Davlatimiz rahbari kelgusida boshqaruv servis kompaniyasi binolarini ko‘p qavatli qilib qurib, yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu yerdagidek kichik kutubxonalarni boshqa mahallalarda ham tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Mahalla ayvonida aholi bilan samimiy suhbat bo‘ldi.
– So‘nggi yillarda ko‘p korxonalar ochildi, iqtisodiyot o‘syapti. Shu bilan birga, yoshlarimiz ham yetishib kelyapti. Ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘lig‘i, ish o‘rinlarini hozirdan o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz. Buning hisobidan Shayxontohurda ham yangi-yangi ish joylari, ta’lim maskanlari, infratuzilma inshootlari yaratiladi, – dedi Prezident.
Nuroniy otaxon va onaxonlar yurtimizdagi o‘zgarishlardan xursandligini ta’kidlab, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga bordi.
Mamlakatimizda ijtimoiy davlat, ijtimoiy adolat tamoyillari ustuvor. Ushbu qadriyatlar asosida barcha hududlarda “Inson” markazlari ochilib, mehr va ko‘mak tizimi aholiga yaqinlashtirilmoqda.
Markazda 12 toifadagi muhtoj insonlarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Buning uchun muassasada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Murojaatlarni qabul qilish, ehtiyojni baholash, xizmatni belgilash va xizmat ko‘rsatish jarayonlari insonlarga qulay tarzda yo‘lga qo‘yilgan.
Eng muhimi, endilikda vazifa bir marta yordam bilan tugamaydi. Ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchining keyingi holati, o‘zini o‘nglashi ham monitoring qilib boriladi. Mazkur barcha jarayonlar raqamlashtirilgan va daxldor tashkilotlar bilan bog‘langan.
Shayxontohurdagi markazda 25 nafar mutaxassis hamda mahallalarda 51 nafar ijtimoiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Nogironligi bo‘lgan bolalar va shaxslar, yolg‘iz keksalar bilan manzilli tarzda ish yuritilmoqda.
– Bu yer har bir insonning dardi bilan yashaydigan, ularni rozi qiladigan dargoh. Bu tizim orqali jamiyatimizda ijtimoiy adolat, inson qadri qaror topadi, – dedi Prezidentimiz.
Shu yerda davlat-xususiy sheriklik asosida “Imkoniyatlar olami” muassasasi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari undagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.
Muassasada 3 yoshgacha go‘daklar uchun erta aralashuv, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, shuningdek, kunduzgi parvarish va qarab turish xizmatlari tashkil etilgan. Hozirda bu 80 ga yaqin insonning og‘irini yengil qilmoqda. Ularga 12 nafar malakali xodim mehr-e’tibor ko‘rsatmoqda.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mazkur hudud Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalari hududida joylashgan bo‘lib, 320 gektar maydonni egallagan. Kichik sanoat zonasi maqomidagi ushbu majmua Prezidentning 2023 yil 3 iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan. Unga muvofiq, transport, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasining yaxshilangani sanoat va tadbirkorlik rivojiga zamin yaratdi.
Bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. Hozirgi kunda bunday korxonalar soni 531 taga yetdi. Ularda yaratilgan ish o‘rinlari soni esa 20 mingtaga yaqinlashdi. Yillik ishlab chiqarish salohiyati ham kam emas – 6 trillion 800 million so‘m. Joriy yilda hududdagi 50 ta korxonada 180 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Ilgari Chilonzorda hech qachon bunday ko‘rsatkichlar bo‘lmagan.
Davlatimiz rahbari ushbu hududdagi “Tarleplast” korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 25 million dollar. Korxonaga Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan 12 turdagi zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Natijada bu yerda yiliga 90 ming tonna temir quvur va po‘lat profillar ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Bu mahsulotlarni pulga chaqqanda 900 milliard so‘m degani. Korxonada 120 ga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Ahamiyatlisi, yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamli quvurlar turi, hajmi va narxi bo‘yicha raqobatbardosh. Buning tasdig‘ini o‘tgan yili 4 million dollarlik mahsulot Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilinganida ham ko‘rish mumkin. Endi sotuv geografiyasini yanada kengaytirish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari mazkur industrial hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Yaqin istiqboldagi sanoat loyihalari taqdimot qilindi.
Jumladan, ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosi va monomarkaz tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Buning natijasida hududda yana 100 ta yangi loyiha amalga oshiriladi, qo‘shimcha 3 mingta ish o‘rni yaratiladi. Loyihalar qurilish, farmatsevtika, elektrotexnika, poligrafiya, avtomobilsozlik, tikuv-trikotaj va qandolatchilik kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Prezidentimiz tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish hamda xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tumandagi industrial hududda joylashgan “Eman materials” korxonasida ham bo‘ldi.
Bugun dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida, avvalo, ichki imkoniyatlardan foydalanish, eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan sohalarni himoyalash zarurati tug‘ilmoqda. Mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik ana shunday sohalar sirasiga kiradi. Ularda bir million nafarga yaqin aholi ishlamoqda.
Jumladan, mebelsozlikka ixtisoslashgan 7 ming 500 ta korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.
Xorazm viloyatining Xonqa tumani tajribasi asosida boshqa joylarda ham mebelchilik markazlari tashkil etilmoqda. Sohadagi tadbirkorlarning chet eldan xomashyo, furnitura va aksessuar olib kelishi, eksport bozorlariga chiqishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Chilonzor tumanidagi industrial hududda mebelsozlikka ixtisoslashgan o‘nga yaqin shirkat bor. “Eman materials” korxonasi tashabbuskorning 10 million dollar mablag‘i evaziga tashkil topgan. Bu yerda yiliga 10 ming tonna furnitura va mebelsozlik buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Ular kooperatsiya asosida yurtimizdagi minglab korxonalarga yetkazib berilyapti. Endi eksportga chiqarish ham rejalashtirilgan.
Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Ahamiyatlisi, shu yerning o‘zida mebelsozlik o‘quv markazi ham tashkil etilgan. Buning uchun Italiya va Turkiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan.
Shuningdek, korxona tomonidan buyurtma asosida mebel ishlab chiqarish, loyihalashtirish, kesish, uskunalarni ta’mirlash kabi qo‘shimcha xizmatlar ham ko‘rsatiladi.
Majmuada ko‘rgazma zali ham tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda poytaxtdagi nomdor – brend mahsulotlar bir joyga jamlangan. Bu tizim sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va oluvchiga qulaylik yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Mebelsozlik tarmog‘ida mahalliylashtirish va qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha hali foydalanilmagan juda ko‘p imkoniyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu yerda Chilonzor tumanida tashkil etilgan “Islohotlar shtabi” faoliyati haqida axborot berildi. Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi takliflar va kutilayotgan natijalar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, tumanda joriy yil boshida kambag‘allik darajasi 7 foizdan yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha bu raqam 2,2 foizga tushgan. Manzilli rejaga ko‘ra, tumanni yil yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Buning uchun oilalar imkoniyatini yuzaga chiqarish, mikroloyihalarni amalga oshirish, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil qilish, norasmiy ish o‘rinlarini qonuniylashtirish choralari ko‘riladi.
Prezident aholi bandligiga qaratilgan tashabbuslarni hamisha qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Investitsiyalarni jalb etib, imkoniyatlarni loyihaga aylantirish, kichik korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Iqtisodiyot va investitsiya sohalari mas’ullariga tadbirkorlar bilan doimiy uchrashib, muammolarini hal etish, takliflarini yuzaga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari