Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Guliston shahrining 3-kichik dahasidagi mavjud sharoitlar bilan tanishar ekan, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarni keskin tanqid qildi.
O‘rganishlar jarayonida viloyat rahbari hududdagi yo‘l va yo‘lakchalar ta’mirtalab holda ekani, bolalar maydonchasi va o‘tirish joylari yetishmasligi, favvoralar ishlamayotgani, yoritish vositalarining kamligi kabi muammolarni qayd etdi. Shu bilan birga, bozor atrofida avtoturargoh mavjud emasligi va qurilish ishlarida me’yorlarga rioya qilinmayotganiga ham e’tibor qaratdi.

Aholi bilan ochiq muloqot chog‘ida ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismidagi kanalizatsiya tizimlari nosozligi, sanitariya talablarining buzilayotgani kabi dolzarb muammolar ko‘tarildi.
E. Turdimov ta’mir ishlarida sifatsiz materiallardan foydalanilayotgani, nazoratning sust ekanini qayd etib, mahalliy hokimiyat va kommunal xizmatlar rahbarlariga aniq vazifalar yuklab, muammolarni zudlik bilan bartaraf etishni topshirdi.

– Fuqarolarga munosib sharoit yaratish davlat organlarining bevosita burchidir. Bu kabi mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, – dedi viloyat rahbari.
Hududni kompleks tarzda obodonlashtirish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzildi. Barcha ishlar viloyat rahbarining shaxsiy nazorati ostida bo‘lishi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA