Toshkent shahrida iste’molchi huquqlarini himoya qilish va aholi salomatligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan reydlardan biri bu gal Yunusobod tumanidagi dehqon bozorida amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, tekshiruv Toshkent shahar hududidagi dehqon bozorlari va unda joylashgan savdo rastalari hamda oziq-ovqat do‘konlarida salqin ichimliklar, sifati tez buziluvchi sut mahsulotlari, go‘sht, baliq, tuxum va salat mahsulotlarining saqlash sharoitlari, uning iste’molga yaroqliligi, kunlik veterinariya ko‘rigidan o‘tkanligi va h.k.ni o‘rganish maqsadida Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda qabul qilingan chora-tadbirlar ish rejasi asosida o‘tkazilmoqda. Shu tariqa reyd davomida bozordagi sanitariya talablariga rioya etilishi, mahsulotlarni saqlash sharoitlari, savdo madaniyati va tarozilarning ish holati va shu kabi muhim jihatlar tahlil qilindi.
Ish dastlab bozor ma’muriyati bilan uchrashuv va rasmiy hujjatlar bilan tanishtirishdan boshlandi. Bozorning ichki muhitida tozalik va saranjomlikka amal qilingani, mahsulotlar bo‘limlarining aniq tartibda joylashtirilgani ijobiy baholandi. Bu o‘z o‘rnida xaridorlarga qulaylik yaratib, vaqtini tejashga yordam beradi.
Bozorga kiraverishda esa oftob ostida saqlanayotgan plastik idishlardagi ichimliklar e’tiborimizni tortdi — usti shunchaki mato bilan yopilgan, salqin sharoitda emas, balki qiziydigan hududda qolib ketgan. Vaqt tushga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, tadbirkorlar ichimliklarni salqin sharoitlarga joylab ulgurmagan. Havo harorati oshib borardi. Bunday sharoit yelim idishlardagi ichimliklarning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uni iste’mol qiluvchilarning salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Shuningdek, qandolat mahsulotlari va tez ayniydigan kremli qandolat mahsulotlari bo‘yicha ham saqlash sharoitlari qo‘pol ravishda buzilgan. Ayrimlari esa uy sharoitida tayyorlangan bo‘lib, hech qanday ma’lumotlari yo‘q...
Ba’zi pechene mahsulotlari va pishiriqlarning ishlab chiqarilgan sanasi, saqlash muddati va yuridik manzili ko‘rsatilmagan.
Boshqa bozorlarda guvohi bo‘lganimizdek, ushbu dehqon bozorida ham chiroq o‘chishi bilan bog‘liq shikoyatni eshitdik. Ya’ni bizga ushbu holat tez-tez takrorlanib, qandolat mahsulotlarining sifati buzilishiga ta’sir qilayotgani aytildi. Bunday holat tadbirkorga albatta, moddiy zarar keltiradi. Madomiki, shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan ekan, ma’muriyat tomonidan tadbirkorni qoniqtiradigan sharoit yaratib berishi lozim. Ana undan so‘ng moddiy daromad haqida o‘ylasa bo‘ladi...
Shuningdek, “maxsus buyurtma” asosida ishlab chiqarilgan kolbasa mahsulotlari haqida ham sotuvchilar tomonidan faqat og‘zaki ma’lumotlar berilmoqda, xolos. Bu esa mahsulotlarning qonunga muvofiq ishlab chiqarilib, bozorga keltirib sotilayotganligi va uning iste’molga yaroqliligiga shubha uyg‘otadi.
Qiziq, bugun bozorlarda “maxsus buyurtma” asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni keltirib sotish shu tariqa urfga kirmoqdami? Ushbu yozilmagan qonunga qachondan buyon amal qilinmoqda? Madomiki, “Maxsus buyurtma” asosida ishlab chiqaruvchilar qonuniy faoliyat yuritmoqda, deya faraz qilsak, u holda mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarni yashirishga ne hojat?
Ushbu noqonuniy savdo bo‘yicha tegishli idoralar vakillari nega nazorat olib bormaydi?
Misol uchun, tovuq go‘shtining ham qaysi korxonada so‘yib keltirilgani haqidagi ma’lumotlarni sotuvchilar taqdim eta olmadi. Izoh so‘ralganida esa “ishonchli qo‘llardan olyapmiz” degan javob bilan kifoyalandik.
Vetrinalarda sut, shokolad va mayonez kabi tez ayniydigan mahsulotlar ham muzlatkichlarsiz sharoitlarda, qadog‘ida 18 darajali salqin sharoitda saqlash kerakligi ko‘rsatilgan ichimliklar esa amalda havo harorati bundan bir necha barobar yuqori holatda sotilmoqda. Shuningdek, konservalangan baliq va go‘sht mahsulotlari ham... Rastalarning birida esa go‘shtning muzlatkichda emas, ochiq holatda qo‘yib sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Bundan tashqari, birma-bir tekshirilgan tarozilarning birortasi bo‘yicha metrologik ko‘rikdan o‘tganligi haqidagi hujjat mutaxassisga taqdim etilmadi. Ayrim siniq holatda foydalanilayotgan tarozilar esa mahsulot vaznini noto‘g‘ri o‘lchashi mumkin. Bunday holatda xaridorning aldanishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Ekspert (Sobir Abduraimov)ning fikricha, har bir tadbirkor tarozisini belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazib turishi shart.
Mahsulotlarga narx qo‘yish borasida ham ko‘plab kamchiliklar kuzatildi. Yigirma yildan buyon shu bozorda faoliyat yuritib kelayotgan ayrim sotuvchilar ushbu talabdan xabardor emasligini aytsa, ba’zilari e’tiborsizlik sabab narxlarni mahsulotlarda ko‘rsatmagan. Xususan, salatlar va sabzavotlar rastasida narxsiz mahsulotlar ko‘proq aniqlandi. Amaldagi tartibga ko‘ra narxlarning ko‘rsatilishi nafaqat savdo shaffofligini ta’minlaydi, balki chet ellik fuqarolar uchun ham tushunarli savdo muhitini yaratadi.
Ayrim tibbiy ko‘rikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, qarindoshlarining o‘rnida ishlayotgan fuqarolar tomonidan kolbasa mahsulotlarining kesib sotilishi ham mutaxassisga ko‘ra, mumkin emas.
Umuman, iste’molchilar e’tibori uchun — kesib sotilayotgan kolbasa mahsulotlari 1,5 sutka ichida sotib bo‘linishi shart. Aks holda, mahsulot iste’molga yaroqsiz hisoblanadi.
Amin bo‘ldikki, sotuvchilarning ko‘pchiligi nafaqat bu boradagi, balki o‘z funksional vazifalari haqida ham yetarli ma’lumotga ega emas.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshkent shahar hududiy birlashmasi rahbari o‘rinbosari — Sobir Abduraimovga ko‘ra, bozor ma’muriyati bilan shartnoma asosida hamkorlik qilar ekan, har bir sotuvchi bozor hududiga o‘zi keltirib sotayotgan mahsulotining sifati, qaysi korxonada ishlab chiqarilganligi, yuridik manzili haqidagi ma’lumotlarni istalgan paytda taqdim eta olishi, mahsulot sifatiga kafolat berishi va belgilangan sharoitlarda saqlab sotishi lozim.
Yuqoridagi kabi kamchiliklar aniqlanganda esa bunga avvalambor, sotuvchining o‘zi javobgar bo‘ladi.
O‘z funksional vazifalarini bilmagan sotuvchi nafaqat iste’molchi salomatligini xavf ostiga qo‘yadi, balki bozor ma’muriyatini ham bir qancha noqulay vaziyatlarga solib qo‘yadi.
Ayrim tadbirkorlar ichimliklar va qandolat mahsulotlarini o‘ziga belgilanmagan yo‘laklarni egallagan holda, erkin savdo qilmoqda. Bundan esa bozor ma’muriyatining xabari yo‘q.
Ekspertga ko‘ra, bu holat ham qonunga zid hisoblanadi va soliq idoralari tomonidan nazoratga olinishi lozim. Mahsulotni shu holatda sotish uchun bozor ma’muriyatidan ruxsat olganlik holati esa bundan mustasno.
Biroq, har ikki holatda ham mahsulotning saqlash qoidalari qo‘pol ravishda buzilmasligi kerak...
Reyd yakunida aniqlangan shu kabi qator kamchiliklar bozor ma’muriyatiga ma’lum qilindi. Bu yuzasidan tuzilgan dalolatnomalar shahar hokimligiga yuboriladi.
Yunusobod dehqon bozori xavfsizligi bo‘yicha direktor o‘rinbosari Azimboy Po‘latovning ma’lum qilishicha, bozorga biriktirilgan mutaxassislar har kuni nazorat o‘tkazib, kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ishlar olib borishadi. Bu galgi holatlar ham qayta ko‘rib chiqilishi va choralar ko‘rilishi aytildi.
Tekshiruvimiz shu tariqa o‘z nihoyasiga yetdi.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, aslida bunday tekshiruvlar nafaqat poytaxt, balki barcha hududlarda muntazam ravishda o‘tkazib borilishi zarur. Cheka hududlarda bu kabi reydlarning deyarli o‘tkazilmasligi haqida ko‘p bor eshitamiz.
Nazoratsiz savdo va sanitar talablarga rioya etmaslik oqibatida esa fuqarolarning turli kasalliklarga chalinishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Sifatsiz va hujjatsiz mahsulotlarning oldini olishda nafaqat bozor ma’muriyati, balki sanitariya organlari, soliq qo‘mitalari va iste’molchilarning o‘zi ham faol bo‘lishlari, barcha mas’ullar bir yoqadan bosh chiqarib, aholi salomatligini himoya qilish yo‘lida hamkorlikda ish olib borishi lozim.
Mana shu hamkorlik zanjiri bugun qay darajada amalga oshirilmoqda?
Bu yerda yana bir tabiiy savol tug‘iladi: nega tekshiruvlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, vaziyat o‘zgarmayapti?
Xususan, birgina Sanepidqo‘mita va qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan aynan poytaxtdagi barcha bozorlarda muntazam ravishda tekshiruvlar olib boriladi. Iste’molga yaroqsiz mahsulotlar belgilangan tartibda utilizatsiya qilinib, ko‘cha savdosiga ham barham berib kelinmoqda. Biroq, olib borilayotgan ushbu harakatlar nega butkul samara bermayapti?
Ehtimol, tegishli idoralarning ishchi kuchlari joylarda yetarli emasdir yoki nazorat tadbirlariga mas’ul bo‘lgan vakillardan tashqari, bozor ma’muriyatining o‘zida ham mas’uliyatsizlik avj olgandir?
Balki, sotuvchilar orasida “bir marta tekshirildi, ertaga kim ham kelardi” degan loqaydlik kayfiyati toboro shakllanayotgandir?
Aynan shular sabab bo‘layotgan bo‘lsa, balki, bu yo‘nalishda alohida tartiblar, taklif va choralarni ishlab chiqish, mas’ullarning javobgarligini oshirish va nazoratni kuchaytirish talab etilar?
Yoki sotuvchilar bozor hududida savdo qilish bilan bog‘liq funksional vazifalari haqida malaka oshirishlari kerakdir?
To‘g‘ri, tadbirkorning faoliyatini erkin olib borishi tegishli hujjatlar bilan kafolatlangan, biroq, foyda olish ilinjida iste’molchi huquqlarini buzmaslik, ular salomatligiga ziyon yetkazmaslik bo‘yicha tadbirkor qachon mas’uliyat sezadi?
Oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligi bo‘yicha talablar aslida har qanday rasmiyatdan, ichki tartiblar yoki hisobotlardan ustun turishi kerak emasmi?
Shu tariqa, muammolarning ildiziga yetib borish, tizimli yondashuv va aniq amaliy yechimlarni ko‘rib chiqishga ehtiyoj sezilmoqda.
Tekshiruvlarimiz davom etadi...
P/S: Bozor ichida faqat birgina xususiy tadbirkor barcha mahsulotlarning saqlash qoidalariga to‘liq amal qilinayotganligiga guvoh bo‘ldik. Do‘kon ichida salqin sharoit hukmron, bu esa tez ayniydigan mahsulotlarning belgilangan sharoitda saqlanishini ta’minlamoqda. Har bir oziq-ovqat mahsuloti sanitar talablariga mos ravishda tartib bilan joylangan.
Bozorning umumiy ichki holati ham tozalik jihatidan to‘liq talabga javob beradi. Bunday bozorda esa baraka bo‘ladi.
Yuqoridagi kamchiliklar esa bartaraf etsa bo‘ladigan masala.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HrP3NyhWkZ0" title="Yunusobod dehqon bozorida reyd tekshiruvi natijalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA