Aholini band qilish mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va ijtimoiy rivojlanishining asosiy omili hisoblanadi. Bandlik faqat ish o‘rni yaratish emas, balki aholining daromadini oshirish, ichki bozorni faollashtirish va iste’mol salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mehnatga layoqatli fuqarolarning iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinishi ishlab chiqarish hajmi, soliq tushumlari va investitsion jozibadorlikni oshiradi. Demak, samarali bandlik siyosati – bu faqat ijtimoiy barqarorlik emas, balki iqtisodiy o‘sishning ham tayanchi hisoblanadi.
Xo‘sh, 2025 yilning o‘tgan olti oyida mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar bajarildi? Bu jarayondagi natija va ko‘rsatkichlar qoniqarlimi?
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarim yilligida aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilgan. Ushbu jarayonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy hokimliklar, banklar va boshqa tashkilotlar hamkorligida keng qamrovli ishlarni bajarishga erishgan.
Aholi bandligini ta’minlashda yangi bosqich
2025 yilning yanvar-iyun oylari davomida 3 million nafar aholi daromadli mehnat bilan ta’minlandi, bu belgilangan 2,6 millionlik rejadan 400 ming nafarga ko‘pdir. Banklar orqali 1 million 780 ming фуқаро ish bilan ta’minlanib (reja – 1 487 ming), shundan 661 ming nafari doimiy ish o‘rniga joylashtirildi. 1 million 119 ming nafari esa tadbirkorlikka jalb qilindi. Milliy bank 284 ming, Agrobank 230 ming, Xalq banki 204 ming, Sanoatqurilishbank 196 ming, Biznesni rivojlantirish banki 132 ming, Mikrokreditbank 176 ming, Asakabank 110 ming, Turonbank 87 ming va Aloqabank 71 ming fuqaroni daromadli faoliyatga jalb etishda ishtirok etdi.
Shu bilan birga, innovatsion yondashuvlar asosida “Uychi”, “Sayxunobod” va “Zarbdor” tajribalari joriy qilinib, aholining daromadini oshirish, mikroloyihalarni amalga oshirish hamda yangi drayver tashabbuslarni rivojlantirishga xizmat qildi. Jumladan, “Uychi” tajribasi doirasida banklar 63 ming nafar mijoz bilan uchrashuvlar o‘tkazdi va ushbu muloqotlar davomida ko‘tarilgan 61 mingdan ortiq muammoli masala ijobiy hal etildi.
“Sayxunobod” modeli orqali 227 mingta mikroloyiha natijasida 464 ming fuqaroning daromadi oshirildi. “Zarbdor” tajribasi doirasida esa 487 ta loyiha ishga tushirilib, 19 ming kishi band qilindi. Buning uchun 303 milliard so‘mlik bo‘nak mablag‘lari ajratildi. 20,7 ming nafariga 274 milliard so‘mlik kreditlar yo‘naltirildi. Shuningdek, 2,6 ming fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 36,5 ming kishi kasbga o‘qitildi va 9 ming nafarga ijara yer ajratildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Murodovning qayd etishicha, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda yuritilayotgan bandlik siyosati va islohotlar qisqa muddatda o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
– Yuqorida qayd etilganidek, joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 3 million nafar fuqaroni daromadli mehnatga jalb qilishga erishildi. Bu belgilangan 2,6 millionlik rejaga nisbatan yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, sohadagi manzilli va tizimli yondashuv samarasini ko‘rsatmoqda. Ushbu natijalarga erishishda banklar bilan yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Xususan, Milliy bank, Agrobank, Xalq banki, Sanoatqurilishbank hamda boshqa tijorat banklari orqali tadbirkorlikka jalb etildi. Banklar orqali taqdim etilgan loyiha paketlari va maqsadli kreditlar yordamida nafaqat ish o‘rinlari, balki barqaror daromad manbalari ham yaratildi.
Ta’kidlash joiz, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, so‘nggi 7-8 yilda ushbu masalalarga strategik va keng qamrovli yondashuv shakllandi. Ilgari ijtimoiy hayot va davlat dasturlarida deyarli tilga olinmagan kambag‘allik masalasi, bugun tubdan yangicha va amaliy yechimlar bilan hal etilmoqda. Bu esa, avvalo, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va inson manfaatlarini ustuvorlikka chiqargan islohotlarining amaliy natijasidir. Mahallabay yondashuv, “uyma-uy” usuli, manzilli bandlikni tashkil etish, aholi tashabbuslarini rag‘batlantirish kabi mexanizmlar hayot sifatiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, – dedi A.Murodov.
Daromadli mehnat – iqtisodiy o‘sish garovi
Mazkur davrda 77 ming xonadonga 1,9 trillion so‘mlik “loyiha paketlari” taqdim etilib, har bir xonadon uchun yiliga 60-70 million so‘mlik kafolatli daromad manbalari yaratildi. Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun jami 63,6 trillion so‘m kredit ajratildi. Buning 12,4 trillion so‘mi turli dasturlar orqali yo‘naltirildi: 2,9 trillion so‘m – oilaviy tadbirkorlik dasturlari, 2,4 trillion so‘m – “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash”, 2,5 trillion so‘m – “Biznesga birinchi qadam” va 4,6 trillion so‘m – “Mahalla loyihasi” doirasida ajratilgan.
Bundan tashqari, 163 ming fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi. Ular orasida 128 ming nafar xotin-qiz, 49 ming yoshlar, 5,4 ming nafar migratsiyadan qaytganlar va 2,7 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar qamrab olingan. Mehnat inspeksiyasi tomonidan 5 596 ta korxona xatlovdan o‘tkazilib, 43,6 ming ish o‘rni rasmiylashtirildi.
Raqamlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali aholining daromad manbalari kengaymoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va iqtisodiy faollikning oshishiga xizmat qilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirishda maqsadli yondashuv
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar aholining hayot sifati, ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Bu yo‘nalishda mahallalarda aholining daromad manbalari, ehtiyojlari va hayot sharoiti aniq tahlil qilinib, har bir oila uchun individual yondashuv asosida chora-tadbirlar belgilanmoqda. “Mahallabay” ishlash tizimi va “uyma-uy” tahlillar mahalliy muammolarni o‘z joyida hal qilish imkonini bermoqda. Bu esa kambag‘allikni qisqartirishda yuqori natijalarga erishishga zamin yaratmoqda.
1,3 millionga yaqin oilaning turmush sharoiti o‘rganilib, shundan 625 ming oila (2,6 mln. aholi) “kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Yanvar-iyun oylarida qariyb 333 mingta oilaga individual rejalar asosida xizmatlar ko‘rsatilib, 543 ming fuqaro qamrab olindi. Ular orasida 295 ming kishi ishga joylashtirildi, 235 mingi tadbirkorlikka jalb etildi, 13 ming kishi esa kasb-hunarga o‘qitildi. Barcha hududlarda dastur ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi.
Aholining ehtiyojmand qatlamini aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatishda yangi yondashuv samara bermoqda. Individual rejalar asosida ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb qilish va kasb-hunarga o‘qitish orqali fuqarolarning daromad manbalari kengaymoqda. Bu esa kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat siyosatining izchil amalga oshirilayotganini tasdiqlaydi.
Tahlil natijalari: samarali bandlik siyosati – farovon hayot sari qadam
2025 yilning birinchi yarim yilligida aholini daromadli mehnatga jalb qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etdi. Bandlik sohasidagi tizimli yondashuv, banklar, mahalliy hokimliklar va jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi harakatlari natijasida aholining turmush darajasi sezilarli darajada yaxshilandi.
Bugungi global sharoitda barqaror bandlikni ta’minlash nafaqat ijtimoiy muammolarni hal etish, balki mamlakatning raqobatbardosh iqtisodiyotini shakllantirishda ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mehnat bozorida samarali siyosat yuritilsa, aholida tashabbus, mas’uliyat va ishonch kuchayadi. Bu esa fuqarolarning o‘z hayotini tubdan o‘zgartirishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirib, umumiy milliy taraqqiyotga xizmat qiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bo‘lim boshlig‘i Saidjon Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, aholini daromadli mehnatga jalb etish orqali kambag‘allikni qisqartirish bugungi islohotlarimiz markazida turgan ustuvor yo‘nalishdir.
– Biz har bir oilaning holatini alohida o‘rganib, ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda individual yechimlar taklif qilyapmiz. Hozirgi paytda mahallada ishlash, aniq va manzilli yondashuv orqali natijaga erishishda aniq samara ko‘rinmoqda. Fuqarolarning mehnat bozorida munosib o‘rin topishi faqat ish o‘rni yaratish emas, balki ularning hayotida yangi imkoniyatlar eshigini ochish demakdir.
Bu jarayonda bizning asosiy vazifamiz – odamlarda ishonch uyg‘otish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va haqiqiy natijalarga erishish. Mamlakatimizda har bir fuqaroning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bu jarayonda davlat, jamoatchilik va xususiy sektor hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bandlik va daromad manbalari ko‘paygan sari, oilalarda barqarorlik, jamiyatda esa ijtimoiy osoyishtalik mustahkamlanadi, – deya ta’kidladi S.Rajabov.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA