Gruziyaning Batumi shahrida shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida FIDE jahon kubogi bahslari davom etmoqda.
Kecha 47 ta mamlakatning 107 nafar eng kuchli ayol grossmeysterlari ishtirok etayotgan nufuzli musobaqaning 2-tur o‘yinlarining ilk partiyalari o‘tkazildi.

Ikkinchi bosqichning ilk o‘yinida Gulruhbegim Tohirjonova qora donalarda xitoylik Lu Miaoyiga, Afruza Hamdamova oq donalarda harakatlanishiga qaramasdan yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni, hindistonlik Hampi Koneruga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Umida Omonova qora donalarda Yevropa chempioni, polshalik Alina Kalinskaya bilan kichik g‘alabaga teng durangga erishdi.

Bugun, 10 iyul kuni jahon kubogi 2-tur o‘yinlarining javob uchrashuvlari tashkil etiladi.
Mazkur bahslarda A.Hamdamova qora donalarda, G.Tohirjonova va U.Omonova raqiblariga qarshi oq donalarda harakatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 28 iyulga qadar davom etadigan FIDE jahon kubogining mukofot jamg‘armasi 676 ming 250 AQSH dollaridan iborat.
T.Ro‘ziyev, O‘zA