Bugun, 10 iyul kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining so‘nggi kunida -86 kilogramm og‘irlikda terma jamoamiz a’zosi Nigora Suvonova o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Kecha chempionatning ortda qolgan oltinchi kungi bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolari 16 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Mahoratli sportchilarimizdan Qudratbek Salimjonov dast ko‘tarishda 169 kg., siltab ko‘tarishda 191 kg., ikki kurash natijasiga ko‘ra 360 kg. toshni o‘ziga bo‘ysundirgan holda 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Aytish lozim, Q.Solimjonov joriy yil Peruda o‘tgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida dast ko‘tarish mashqida 167 kg. natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritgandi. Osiyo chempionatida esa u o‘z natijasini yaxshilab, jahon maydonidagi tajribasini yana bir bor isbotladi.
Sportchilarimizdan Omadulla Olimov +110 kilogramm og‘irlikda ikki kurash natijasiga ko‘ra, 351 kilogramm natija bilan kumush medalga ega chiqdi. Shuningdek, o‘z vaznlarida iste’dodli og‘ir atletikachilarimiz Hasanboy Xolmurodov, Mohinur Esonboyeva va Madina Fayzullayeva bronza medallari sohibi bo‘ldi.

Chempionatning oxirgi kun ostonasida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining medallari soni 30 taga yetgan bo‘lsa, yoshlar terma jamoamiz 24 ta medal jamg‘arishga muvaffaq bo‘lib turibdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA