Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev navqiron avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat, qat’iyat, mardlik va matonat ruhida tarbiyalashdagi ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida “Jasorat maktab”larini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu g‘oya mamlakatimizning keng jamoatchiligi, yoshlar, ota-onalar, ijodkor ziyolilar, pedagoglar tomonidan qizg‘in kutib olindi.
Joriy yilning 10 iyul kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Jasorat maktablari” uchun birinchi bosqich qabul imtihonlari tashkil etildi.
Prezidentimizning 2024 yil 15 noyabrdagi tegishli qaroriga asosan 208 ta (har bitta tuman (shahar) da bittadan) “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Imtihonlar 1 smenada, 13 ta hududda (Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun imtihonlar “Uzekspomarkaz”da) tashkil etildi. Unda nomzodlar test sinovlarini topshirishdi.
Qabul imtihonlari 2 bosqichda bo‘lib o‘tadi va keyingi bosqichda o‘quvchilar jismoniy tayyorgarlikdan o‘tishadi.
“Jasorat maktablari”ga hujjatlar qabuli joriy yilning 1-20 iyun kunlari onlayn shaklda (ariza.piima.uz sayti orqali) amalga oshirildi.
Unda jami 18 ming 441 nafar nomzodning hujjatlari qabul qilindi. Qabul jarayonlari davomida "1206" qisqa raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Hujjat topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadigan shtab tashkil etildi.
Jismoniy tayyorgarlik sinovlarini o‘tkazish uchun 1 ming 664 nafar (har bir maktab uchun 8 nafardan kam bo‘lmagan) hakamlar hay’ati tarkibi shakllantirilib, barcha “Jasorat maktablari”ga yetkazildi.
2025-2026 o‘quv yilida ilk bor “Jasorat maktablari”ga ikki bosqichli saralash orqali 5 ming 408 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu maktablarda matematika, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri