Fransiyada qizlar jamoalari o‘rtasida o‘tayotgan “Paris World Games” o‘yinlarining guruh bosqichida hamyurtlarimiz yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
Kecha O‘zbekiston U-18 terma jamoasi guruhdagi asosiy raqiblaridan biri sanalgan “Dole-Choussin” (Fransiya) bilan ro‘baro‘ keldi.
Guruhda har ikki jamoada ham 2 ochko mavjudligi uchrashuvning har jihatdan murosasiz kechishini ta’minladi.

Shiddatli o‘tgan o‘yinda hamyurtlarimiz g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi va fransiyalik raqibalarini 22:8 hisobida mag‘lub etib, guruhda yakka peshqadamga aylandi.
Gandbolchi qizlarimiz guruhdagi so‘nggi uchrashuvni Fransiyaning yana bir jamoasi “Volenseiennes Handball”ga qarshi o‘tkazdi. 2008-2009 yillarda tug‘ilgan gandbolchilardan tashkil topgan terma jamoamiz fransuzlarni 24:17 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi.
O‘z guruhida Braziliya terma jamoasini 32:14, “Dole-Choussin”ni 22:8, “Volenseiennes Handball”ni 24:17 hisobida yenggan O‘zbekiston qizlar terma jamoasi “Paris World Games”dagi muvaffaqiyatli odimni davom ettirmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA