Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda hududlarda ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni bartaraf etish maqsadida e’lon qilingan davlat granti tanlovi g‘oliblarini aniqlash hamda davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Hududlarda saqlanib qolayotgan muammolarni fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda hal etish, shuningdek, ularning tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Parlament komissiyasi a’zolari hamda Jamoat fondi vakillaridan iborat ishchi guruh joriy yilda respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni o‘rgandi. Ushbu muammolarni hal etishga qaratilgan davlat granti tanlovi e’lon qilingani haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy muhofaza va sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan grant tanloviga fuqarolik jamiyati institutlaridan ngo.gov.uz platformasi orqali 850 loyiha taqdim etilgan.
Tahlillar ko‘rsatganidek, ularning 66 foizi nodavlat notijorat tashkilotlari, 29 foizi mahalla fuqarolar yig‘ini, 4 foizi esa ommaviy axborot vositalari ulushiga to‘g‘ri keladi. Ishchi guruhning baholash natijalaridan kelib chiqib, Parlament komissiyasi tomonidan 28 tanlovning 166 yo‘nalishi bo‘yicha 172 loyiha g‘olib deb topildi.
Shuningdek, majlisda qator davlat tashkilotlaridan kelib tushgan ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim, madaniy meros, aholi muhofazasi, korrupsiyaga qarshi kurashish, jamoatchilik nazorati kabi sohalarda davlat ijtimoiy buyurtmalari kelib tushgan.
Fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu buyurtmalar ijrosiga qaratilgan loyihalarini amalga oshirish uchun 24 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, qator nodavlat notijorat tashkilotlarining murojaatlari, amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi va samaradorligi ham ko‘rib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA