Toshkent viloyatida yozgi ta’tilda yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Jumladan, Bekobod tumanida tuman hokimligi tashabbusi bilan ijodkor ziyolilar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, taniqli shoir Muhammad Ismoil hamda hudud faollari, umumta’lim maktablari ona tili va adabiyot fanlari o‘qituvchilari, ijodga oshno yoshlar ishtirok etdi.
Tuman hokimi Z.Nizomiddinov davlatimiz tashabbusi bilan boshlangan “Dolzarb 90 kun” doirasida yozgi ta’tilni yoshlar uchun mazmunli va foydali o‘tkazish borasidagi sa’y-harakatlar, bu jarayonda adabiyot va ijod vakillarining o‘rni katta bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
[gallery-24243]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ijodkorlar tomonidan yaratilayotgan har bir asar yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutishini va bu kelajak bunyodkorlariga ilhom bag‘ishlashini samimiy dil so‘zlari bilan ifoda etdilar. Senator Abdusaid Ko‘chimov kitobning inson ruhiy olami, ma’naviyatida tutadigan o‘rni, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan kitob va kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan siyosat, bu siyosat ortidan turgan ulkan maqsadlar, mamlakat bo‘ylab keng quloch yoygan islohotlar joylarda qanday namoyon bo‘layotgani, qolaversa, Bekobod tumanidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida o‘z fikrlarini bayon qildi. O‘z o‘rnida bekobodlik faollar, yoshlar senator bilan qizg‘in muloqotga kirishib, o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.
Shuningdek, tadbirda Abdusaid Ko‘chimovning yangi kitobi, undan o‘rin olgan asarlar, mavzular va ularning ahamiyati haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
– Mazkur kitob bekobodlik adabiyot ixlosmandlariga manzur bo‘lmoqda. Bunday kitoblar maktablarimiz kutubxonalaridan albatta joy olmog‘i lozim. O‘qituvchi, ustozlar ham ushbu kitobdan o‘zlariga kerakli ko‘p narsalarni olishlari mumkin, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Bekobod tumani bo‘limi rahbari Nurali Jalil.
Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlarga ijodkorlarning dastxatlari tushirilgan kitoblar topshirildi. Shu bilan birga, “Har bir maktabga 100 kitob” loyihasi doirasida hududdagi umumta’lim muassasalariga jahon va o‘zbek adabiyoti namunalari aks etgan turli kitoblar jamlanmasi ham topshirildi.
Shundan so‘ng iste’dodli xonandalar Shuhrat Daryo va G‘anisher Meliqulovlar o‘z qo‘shiqlari bilan barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Muhimi, bekobodliklar uchun bu uchrashuv esda qoladigan taassurotlarga boy bo‘ldi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.