“Diplomatik rakurs” loyihasining bugungi mehmoni O‘zbekiston Respublikasining Qatar davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xo‘jayev O‘zA muxbiri bilan suhbatda sog‘liqni saqlash sohasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zlab berdi.
– Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 2023 yil 5-6 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lganda, jumladan, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham oliy darajada kelishib olingan edi.
Bu yo‘ldagi ilk qadam sifatida o‘tgan yil Qatarning “Elegancia Healthcare” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdik. Muloqot chog‘ida hamkorlik istiqboli muhokama qilindi. Hamkor tomonga yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi, xususan aholi salomatligini yaxshilash, tibbiyot xodimlari salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, tibbiy xizmat ko‘lami va sifatini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Yaqinda Akademik Yolqin To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi delegatsiyasi Qatarga keldi. Safar dasturi an’anaviy masalalardan tashqari ta’lim, ilm-fan kabi keng yo‘nalishlarni ham qamrab oldi.
[gallery-24228]
Markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori Anvar Alimov boshchiligidagi delegatsiya sog‘liqni saqlash vaziri maslahatchisi doktor Solih, “The View Hospital” rahbariyati hamda Qatar universiteti vakillari, xususan integratsion ta’lim bo‘limi direktori doktor Banan Mukhalalatiy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida yuqmaydigan kasalliklarning oldini olishda birlamchi tibbiy bo‘g‘inning o‘rni, ayollar salomatligi, xususan menopauza davri va keyingi asoratning oldini olish, semizlik va qandli diabet kabi metabolik buzilish holatlarini aniqlash va davolash masalalariga alohida e’’tibor qaratildi.
Uchrashuvda o‘zaro ilmiy tadqiqot, mutaxassislar va ta’lim dasturlari almashinuvi istiqboli ham muhokama qilindi.
O‘zbekistonlik mehmonlar ikki yetakchi tibbiyot muassasasida bo‘ldi. Masalan, “The Cuban Hospital” ko‘p tarmoqli klinikasi favqulodda va rejalashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatadi. Ayniqsa, insultdan keyingi reabilitatsiyaga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yo‘nalishda zamonaviy tiklash usullari va jamoaviy yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi.
“Al Beeb Hospital – Prime Health Cooperation Center” birlamchi tibbiy yordam markazi esa uch bosqichli xizmat ko‘rsatish tizimida faoliyat yuritadi. Muassasada asosiy vazifani oilaviy shifokorlar bajaradi. Shuningdek, har xil yoshdagi guruhlar, jumladan homilador ayollar va keksalar uchun davlat skrining dasturlari amal qiladi.
Respublikamiz delegatsiyasi surunkali kasalliklarning oldini olish va holatni erta aniqlash bo‘yicha ilg‘or amaliyotni ham o‘zlashtirishdi.
Mintaqaning ayollar va bolalar salomatligiga ixtisoslashgan yetakchi tibbiyot markazlaridan biri – “Sidra Medicine” klinikasi faoliyati bilan tanishish jarayoni ham vakillarimiz uchun juda foydali bo‘ldi. Xususan endokrin, reproduktiv va menopauza bilan bog‘liq buzilish holatlarini o‘rganish va tajriba almashishga o‘zaro jiddiy qiziqish bildirildi.
Uchrashuvlar davomida sheriklikning klinik bilim almashinuvi, umumiy o‘quv tadbirlari tashkil etish, qo‘shma loyihalar amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish singari ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Qo‘shma ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot loyihasi ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. O‘zbekistonda ilg‘or texnologiya va diagnostika uslubini klinik amaliyotga joriy etish istiqboli muhokama qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tashrif ayollar hayot sifatini yaxshilash yo‘lida ilm-fan, ishonch va barqaror hamkorlikka asoslangan yangi bosqichni boshlab beradi.
“Hamad Medical Corporation”dagi uchrashuv esa amaliy muhokama tarzida o‘tdi: klinik holat tahlili, bemorni alohida kuzatish bo‘yicha tajriba almashish hamda davolashga multidissiplinar yondashuv mavzulari ko‘tarildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi ushbu arab davlatida faoliyat ko‘rsatadigan dunyodagi eng yirik tibbiy simulyatsion markazlardan biriga ham tashrif buyurdi. Ushbu majmuada ta’lim, texnologiya va klinik amaliyot yagona tizimda uyg‘unlashtirilgan.
Tashrif yakunida qo‘shma ilmiy tadqiqotolib borish, klinik ma’lumot almashish hamda Qatar tajribasi asosida O‘zbekistonda menopauza markazlari tashkil etish masalalari nazarda tutilgan Memorandum imzolandi.
Muharrama Pirmatova yozib oldi. O‘zA