O‘zbekiston Milliy universitetida 2025-2026 o‘quv yili uchun jurnalistika yo‘nalishiga qabul bo‘yicha ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim jarayonda respublikaning barcha hududlaridan kelgan abituriyentlar ishtirok etdi.
Imtihonlar ikki bosqichda — yozma va og‘zaki shakllarda tashkil etildi. Yozma bosqichda abituriyentlarga ijtimoiy hayot, ommaviy axborot vositalari va zamonaviy axborot muammolariga oid mavzular berildi. Bu orqali ularning mustaqil fikrlashi, dolzarb voqealarga munosabati va fikrni bayon etish uslubi baholandi. Og‘zaki bosqichda esa savol-javob orqali ularning umumiy dunyoqarashi va jurnalistikaga bo‘lgan qiziqishi sinovdan o‘tkazildi.
Ba’zilar jurnalist bo‘lish orzusi bolaligidan shakllanganini aytsa, boshqalar jamiyatda faol pozitsiya egallash istagi ularni bu yo‘nalishga undaganini bildirdi.
Jarayon davomida ota-onalar, abituriyentlar va imtihon komissiyasi a’zolari bilan suhbatlashdik. Samarqanddan kelgan abituriyentning onasi imtihonlarni onlayn tarzda kuzatish imkoniyati borligidan mamnunligini bildirib, bu yondashuv ota-onalar uchun katta qulaylik ekanini ta’kidladi.
Imtihonlar adolatli va shaffof tarzda, qat’iy tartib asosida o‘tkazildi. Har bir bosqichda jarayonlar kuzatuv ostida bo‘lib, komissiya a’zolari abituriyentlarning ijodiy salohiyatini halol va xolis baholashga alohida e’tibor qaratdi.
Shubhasiz, bunday shaffof va zamonaviy yondashuvlar yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi va mamlakatimiz ta’lim tizimining yuksalayotganidan dalolat beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EDw4OuAYNe4" title="Jurnalist bo‘lish orzusidagi yoshlar: O‘zMUda ijodiy imtihonlar qanday o‘tdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Abror Sodiqov, Iskandar Ismatov, O‘zA