O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev O‘monda o‘tkazilgan «O‘zbekiston-O‘mon» xalqaro turizm forumi doirasida O‘mon Sultonligi meros va turizm vaziri Salim bin Muhammad al Mahruqiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini ko‘rib chiqdilar, ikki tomonlama turizmni rivojlantirish va o‘zaro sayyohlik oqimlarini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Ikki mamlakatning boy merosini inobatga olgan holda madaniy, tarixiy va ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘mon turizm vaziri O‘zbekistonning sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etishga qiziqish bildirdi. U, shuningdek, O‘zbekistonning Ipak yo‘lidagi muhim manzil sifatidagi salohiyatini ta’kidladi.
Uchrashuvda tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma forum va yarmarkalar o‘tkazish, ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar samarali va do‘stona muhitda o‘tdi, bu esa O‘zbekiston-O‘mon sayyohlik hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA