O‘zbekiston va Ozarbayjon U-20 jahon chempionatini qabul qilishi mumkin
2027 yil futbol bo‘yicha U-20 milliy terma jamoalar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan jahon chempionatiga O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qilishi mumkin.
Buning uchun Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) kuni kecha O‘zbekiston va Ozarbayjon futbol tashkilotlari yo‘llagan hamkorlikda chempionatni o‘tkazish arizasini qo‘llab-quvvatlasa bas.
Kapadze shogirdlari Argentina va Urugvay bilan kuch sinashadi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi oktyabr oyidagi FIFA kunlari doirasida Argentinaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi rejalashtirilgan.

FIFA e’lon qilgan taqvimga e’tibor qaratilsa, uchrashuv 20-28 oktyabr sanalari oralig‘ida o‘tadi. Ma’lumot uchun, Argentina amaldagi Jahon chempioni hisoblanadi.
Xuddi shuningdek, FIFA kunlari doirasida terma jamoamiz Urugvay termasi bilan ham o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi belgilangan.
Abbosbek Fayzullayev Turkiyaga “ko‘chib” o‘tadimi?
Moskvaning SSKA klubi sharafini himoya qilayotgan mahoratli futbolchimiz Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning "Istanbul" klubi safiga qo‘shilishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

Xabarlarga ko‘ra, A.Fayzullayevga yaqin kunlarda Turkiya klubidan rasmiy taklif tushadi. Ammo, SSKA 39 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 8 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan Fayzullayev bilan xayrlashish niyatida emas.
O‘zbek futbolchisi Belgiya jamoasiga o‘tdi
“Paxtakor” jamoasi a’zosi Muhammadali O‘rinboyev Belgiyaning “Antverpen” jamoasi bilan 4 yillik shartnoma imzoladi.

Toshkent jamoasi safida 14 o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 3 ta to‘pga hammualliflik qilgan O‘rinboyevning transfer bahosi 750 ming yevro ekani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, "Antverpen" Belgiyaning 5 karra chempioni hisoblanadi.
O‘zbekistonlik hakamlar Indoneziyada
Indoneziyada o‘tayotgan “Prezident kubogi” o‘yinlarini boshqarib borishda o‘zbekistonlik tajribali futbol mutaxassislari Firdavs Norsafarov va Asker Najafaliyev bosh hakam, Sanjar Shoyusupov va Baxtiyorxo‘ja Shavkatov yordamchi hakam sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Indoneziyada o‘tayotgan “Prezident kubogi” musobaqalari 15 iyulga qadar davom etadi.
“Paxtakor” bosh murabbiy va uning jamoasi bilan xayrlashdi
Portugaliyalik murabbiy Pedru Moreyra hamda uning besh nafar yordamchisi bilan “Paxtakor” futbol klubi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi ikki tomon kelishuvi asosida bekor qilindi.

Shuningdek, “Paxtakor” may oyidan beri og‘ir jarohati sabab maydonga qayta olmayotgan yarim himoyachisi Jonatan Lukka bilan shartnomani bekor qildi.
To‘lqin Ro‘ziyev tayyorladi.
O‘zA