Pekinda robotlar o‘rtasida ilk bor futbol musobaqasi tashkil etildi, deb xabar berdi “Pravila jizni”. Turnirda sun’iy intellektga ega gumanoid robotlar qatnashdi va o‘zini haqiqiy sportchilardek tutdi — ular xotirjamlikni saqlagan holda maydonda faol harakat qildi va to‘p uchun kurash olib bordi.
O‘yin davomida ayrim robotlar raqiblarini yiqitdi, boshqalari esa oyoqda turishga qiynaldi. Ko‘plab “o‘yinchilar” muvozanatni saqlay olmay, oxir-oqibat zambil yordamida maydondan olib chiqildi. Harakatlar sekin kechgan bo‘lsa-da, musobaqa robototexnika va sun’iy intellekt sohasidagi sezilarli taraqqiyotni namoyish etdi.
Musobaqada ishtirok etgan robotlar to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, o‘yin davomida hech qanday insoniy aralashuvsiz — faqat o‘z algoritmlari asosida harakat qildi. Mutaxassislar fikricha, bu kabi tadbirlar Xitoyning sun’iy intellektga asoslangan robototexnika sohasida yetakchilikka intilayotganini ko‘rsatadi. Bu yo‘nalishda davlat tomonidan berilayotgan kuchli qo‘llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Taxminlarga ko‘ra, 2028 yilga kelib Xitoyning robototexnika bozor hajmi 108 milliard dollarga yetadi. 2050 yilga borib esa mamlakatda 302,3 million gumanoid robot faoliyat yuritishi mumkin.
Mazkur turnir 2025 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Jahon gumanoid robotlar o‘yinlariga tayyorgarlik bosqichi sifatida o‘tkazildi. Yaqin kelajakda esa insonlar va robotlar o‘rtasida futbol o‘yinlari tashkil etilishi ham kutilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/CaJO193MA0k?si=9w8Nn2FtbMtZZrX7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA