Huquqiy munosabat
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, jamiyat va davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida boshqalar bilan birga teng, to‘liq va samarali ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, oliy ta’lim yo‘nalishida ham bu kabi fuqarolarimiz e’tiborsiz qoldirilmaydi.
Xo‘sh, ularga bu borada qanday ko‘mak ko‘rsatiladi? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu bo‘yicha quyidagicha tushuntirish berdi:
–2020 yil 15 oktyabrdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunning 40-moddasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining ikki foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratiladi.
Agarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmasa, abituriyentlar to‘plagan ballari bilan ta’limning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda umumiy asoslarda ishtirok etadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga magistratura bosqichiga kirish uchun belgilangan imtiyozlardan yana biri bu xorijiy til sertifikatining talab etilmasligidir.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 oktyabrdagi 407-sonli qaroriga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga o‘qishga qabul qilishda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar tomonidan xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatni taqdim etish talab etilmaydi. Ushbu imtiyoz 3-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Magistraturaga mustaqil hujjat topshirish bo‘yicha ko‘nikmalar mavjud bo‘lmasa, Yagona interaktiv davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinsa, bu masala ijobiy hal etiladi.
Magistratura bosqichiga hujjat topshirishda tushunmovchiliklar, qonunga zid holatlar kuzatilsa, O‘zbekiston Rrespublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 1006 qisqa raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib murojaat qilish mumkin bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA