Gandbol bo‘yicha O‘zbekiston U-18 qizlar va o‘g‘il bolalar jamoalari Fransiya va Italiyada o‘tayotgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etmoqda.
Bugun, 7 iyul kuni Italiyaning Teramo shahrida o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida “52-Interamniya jahon kubogi” (52th Interamnia World Cup) bahslari boshlansa, ertaga 8 iyuldan Fransiyada qizlar jamoalari o‘rtasidagi “Paris World Games” – “Parij butunjahon o‘yinlari”ga start beriladi.

Italiyada boshlanayotgan “52th Interamnia World Cup” musobaqasida Toshkentning ROPSTTM o‘g‘il bolalar jamoasi U-18 yosh toifasida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
O‘zbekistonlik gandbolchilar guruh bosqichining A-guruhida Fransiya, Germaniya, Italiya, Vengriya, Litva kabi 9 ta jamoa bilan kuch sinashadi.
Hamyurtlarimiz bugun o‘tadigan ilk o‘yinda Latviyaning HC “Garliava” va Vengriyaning “Fot Kezisuli” jamoalari bilan ro‘baro‘ keladi.

Fransiyada tashkil etilayotgan “Parij butunjahon o‘yinlari”ning dastlabki uchrashuvlari ertaga bo‘lib o‘tadi.
Musobaqada ishtirok etayotgan O‘zbekiston U-18 terma jamoasi qizlari 2-guruhda “Dole-Choussin” HC (Fransiya), “Volenseiennes Handball” VHB2 (Fransiya) va Braziliya jamoalari qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Gandbolchi qizlarimizning birinchi o‘yini Braziliyaning “Volenseiennes Handball” jamoasiga qarshi kechadi.
Italiya va Fransiyadagi musobaqalar 13 iyulga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA