Badiiy ijodda tasviriy san’atning o‘rni beqiyos. Yurtimiz mo‘yqalam sohiblari, dizayner va haykaltaroshlarini o‘z atrofida birlashtirgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi turli ijodiy-ma’rifiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, mamlakatimiz tasviriy va amaliy san’atini jahon miqyosida munosib targ‘ib etib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 1 iyulda qabul qilgan “Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nafis san’at sohasida yangi taraqqiyot yo‘lini boshlab bergani aniq.
Mazkur hujjatning ahamiyati xususida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Ushbu qaror O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish va jahon miqyosida ommalashtirish, iste’dodli yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlash, badiiy ta’lim sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.
Aytish kerakki, mazkur qaror ustida uzoq vaqt va puxta ish olib borildi. Unga ko‘ra, 2026-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasining ko‘rgazmalar zali jahon standartlari asosida rekonstruksiya qilinadi va jihozlanadi. Shu bilan birga Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondining Toshkent shahri Chilonzor tumani Lutfiy ko‘chasi 10-uy manzilida joylashgan binosi rekonstruksiya qilinadi. Aytish kerakki, mazkur fondda 15 mingdan ortiq san’at asari bor bo‘lgan ushbu bino hozirgi talablarga umuman javob bermaydi. Uning hududida yerda 40 ta ijodiy ustaxona, zamonaviy galereya, kutubxona, fotolaboratoriya, 15 mingdan ortiq noyob asarni saqlash uchun maxsus fond, yosh rassomlar markazini ochish rejalashtirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu joy o‘ziga xos san’at shaharchasi bo‘ladi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi hududida qo‘shimcha bino quriladi. U yerda milliy usulda qog‘oz tayyorlash bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etiladi.
Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi hududida qo‘shimcha 400 o‘rinli o‘quv binosi quriladi. Shu bilan birga mazkur maktab hududida 200 o‘rinli o‘quvchilar turar-joy binosi barpo etiladi. Toshkent Fotosuratlar uyida Multimedia markazi barpo etiladi.
Badiiy ijodkorlar uyushmasi yosh a’zolari uchun rassomlar ijodiy ustaxonalari yo‘lga qo‘yiladi. Uyushma tavsiyasiga ko‘ra, Badiiy akademiya boshqaruvi kengashi qaroriga muvofiq, mazkur ijodiy ustaxonalar yosh rassomlarga muayyan muddatga tekinga foydalanish huquqi asosida beriladi.
2026 yildan boshlab Badiiy akademiya hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda homiylar va xalqaro grantlar hisobidan har yili tanlov asosida Rassomlik mahorati ustaxonasi stajyorlari, eng iste’dodli yosh rassom, haykaltarosh, dizayner, restavrator, san’atshunos va muzeyshunoslarni xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish va stajirovkaga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Rassomlik mahorati ustaxonasida iste’dodli yosh rassomlarni ustoz- shogird an’analari asosida tarbiyalab kelayotgan taniqli ijodkorlar Badiiy akademiyaga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,6 baravarigacha miqdorda har oy qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi.
Sohadagi nufuzli xorijiy oliygohlarning o‘quv reja va dasturlari, kadrlar tayyorlash andazalari Milliy rassomlik va dizayn instituti faoliyatiga 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi. MRDIda tashqi o‘rindoshlik asosida ishlayotgan ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lgan ijodkor pedagog kadrlar mazkur ta’lim tashkilotining ilmiy salohiyat ko‘rsatkichlarida inobatga olinadi. Ushbu institutda faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlar tomonidan yaratilgan yuksak badiiy asarlar oliygoh kengashi qaroriga asosan monografiyaga tenglashtiriladi.
MRDIning o‘quv dasturi doirasida psixologiya va pedagogika fanlaridan tahsil olgan rangtasvir, amaliy san’at va dizayn bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tasviriy san’at fanidan dars berishga ruxsat etiladi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab Badiiy akademiya markaziy apparati va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limlari xodimlari uchun 200 foiz miqdorida oylik ustamalar belgilandi. Shu bilan birga ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda xodimlarining lavozim maoshiga belgilangan hajmda har oyda ustama to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining “Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida badiiy ijod sohasida ko‘plab imkoniyat va sharoitlar ko‘zda tutilgani va ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilangani diqqatga sazovor.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining yuzlab ijodiy-ma’rifiy loyihalari bor. Tasviriy va amaliy san’at festivali, xalqaro biyennalelar, TURKSOY rassomlarining xalqaro ko‘rgazmalari, “Toshkent quvonchlari” xalqaro bolalar rasmlari ko‘rgazmasi, ijodiy tanlovlar, bir-birini takrorlamaydigan ko‘rgazmalar, forum va anjumanlar davlatimizning ko‘magi bilan muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Ushbu ijodiy loyihalar vositasida milliy tasviriy san’atimiz, undagi ijodiy jarayonlar respublika va jahon miqyosida faol targ‘ib etilmoqda.
Badiiy akademiyaning vazifasi hammani rassom sifatida shakllantirish emas, balki odamlarning didini, badiiy tafakkurini, madaniyatini tarbiyalashdan iboratdir. Chunki, haqiqiy san’atga oshno insonlardan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Zero, bugungi kunda siyosat, iqtisodiyot, ekologiya, umuman, barcha-barcha sohalar rivoji san’at va madaniyat bilan bevosita bog‘liqdir. Shundagina rivojlangan davlatga, rivojlangan jamiyatga erishish mumkin!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.