Qozog‘istonning Ostona shahrida “World Boxing” tashkiloti kubogi uchinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, unda ishtirok etgan Elshod Rasulov boshchiligidagi O‘zbekiston ayollar terma jamoasi musobaqada 1 ta oltin va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur nufuzli musobaqada yurtdoshimiz Navbahor Hamidova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi va ushbu medal mamlakatimiz xotin-qizlari orasida “World Boxing” tashkiloti kubogidagi birinchi oltin medal sifatida tarix zarvaraqlariga bitildi.

Shuningdek, musobaqa davomida Feruza Kazakova, Aziza Zokirova, Sohiba Ro‘zmetova va Oltinoy Sotimboyeva bronza medali bilan taqdirlandi.  

Bokschi qizlarimizning ushbu muvaffaqiyati zamirida mamlakatimizda ayollar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor yotibdi. Buning samarasida o‘zbek ayollari avvalari ishtirokini tasavvur qilib bo‘lmaydigan sport turlarida shohsupaga ko‘tarilmoqda hamda mamlakatimiz sharafini dunyo uzra yuksaltirmoqda. Bugun Diyora Keldiyorova, Svetlana Osipova, Afruza Hamdamova kabi mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifa ochayotgan sportchi qizlarimiz qatoriga Navbahor Hamidova ham qo‘shildi. Uning so‘nggi yillarda qo‘lga kiritayotgan ulkan muvaffaqiyatlariga barcha havas qilmoqda.

Bokschi qizimiz N.Hamidova 2001 yil 7 fevral kuni Samarqandda tavallud topgan. Bolalik davrlaridan boksga bo‘lgan qiziqishi tufayli u mazkur yo‘nalish bo‘yicha to‘garaklarda shug‘ullana boshladi. Tuman va viloyat miqyosidagi musobaqalarda toblangan Navbahor 2019 yilda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosiga aylandi va murabbiyi Elshod Rasulov qo‘l ostida turli yosh toifalaridagi mamlakat birinchiliklarida 5 marotaba g‘alaba qozondi.

Milliy musobaqalarda toblangan Navbahor 2019 yil Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida kumush medalga ega chiqib, o‘zining xalqaro miqyosdagi ilk medaliga sazovor bo‘ldi. So‘ngra 2021 yil Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ikkinchi, Rossiyada o‘tgan harbiylar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.

2022 yil Iordaniyaning Amman shahri mezbonlik qilgan kattalar o‘rtasida va 2023 yil yanvar oyida Tailandda o‘tgan 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Oradan bir  yil o‘tib, Hindistonda tashkil etilgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medali sovrindori bo‘ldi. 2024 yil Tailandning Bangkok shahrida 2024 yilgi Parij Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan litsenzion turnirda g‘olib bo‘lib va “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida qatnashdi.  

Navbahor Hamidova uchun joriy yilgi sport mavsumi ulkan muvaffaqiyatlarga boy o‘tmoqda. Bokschi qizimiz dastlab  Serbiyaning Nish shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi va bu orqali u kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalga ega chiqqan o‘zbekistonlik yagona ayol-sportchiga aylandi. Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan "Thailand Open" xalqaro turnirida bronza medali bilan taqdirlandi.

Qozog‘istonning Ostona shahrida “World Boxing” tashkiloti kubogida esa N.Hamidova Angelsen Madeleiyeneni (Norvegiya), Beatriz Oliveirani (Braziliya), Morelle Makkeynni (AQSH) yirik hisobda yengib, final bosqichiga yo‘l oldi. Hamyurtimiz musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi final bahsida Olimpiada va uch karra jahon chempioni, turkiyalik Busenaz Surmenelini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va mazkur toifadagi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi qizga aylandi.  

Ha, Navbahor Hamidova bu yilning o‘zida mamlakatimiz ayollar boksi tarixida ikki yo‘nalishda zafar quchgan sportchi bo‘ldi. Umid qilamizki, sportchimiz bu kabi ulkan marralarni zabt etishda davom etadi.  

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navbahor Hamidova O‘zbekiston ayollar boksi tarixida yangi sahifa ochdi