Qozog‘istonning Olmaota shahrida dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan Osiyo kubogi o‘z yakuniga yetdi. Unda dunyoning 10 ta davlatidan kelgan jami 344 nafar dzyudochi medallar uchun o‘zaro raqobatlashdi.
“Asian Juniors Cup - 2025” musobaqasining so‘nggi kunida Shoira Aminova, Durdona Nizomiddinova, Asrorbek To‘laganov va Alisher Samanov o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Tuygul Hamroyeva, Sevinch Mahmudjonova, Arslonbek Qodirov, O‘lmas Fatilloyev va Sardorbek Erkinov musobaqaning bronza medali bilan taqdirlandi.

Shu tariqa, mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 8 ta oltin, 2 ta kumush, 10 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: o‘tgan hafta yakunida Qozog‘istonning Olmaota shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi “Almaty Cadets Asian Cups 2025” musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 8 ta oltin, 10 ta kumush, 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA