Ostonada davom etayotgan qit’a chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi M.O‘rolova musobaqaning eng yosh ishtirokchisi bo‘ldi.
Xo‘sh, eng yosh sportchi qanday natijaga erishdi?

Bugun, 6 iyul kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida davom etayotgan qit’a chempionatining navbatdagi kunida O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi medallar uchun kurashga kirishadi.
Kecha chempionat doirasida o‘tgan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (AWF) ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida texnik, murabbiylik va tibbiyot qo‘mitalarining hisobotlari tinglandi. Muhokamalar davomida 2026 yili Yaponiyada bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlari, O‘zbekistonda o‘tishi belgilangan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a chempionatiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) ijroiya qo‘mitasi a’zosi Sh.Mahmudov AWF delegatlari, ko‘plab mamlakatlarning delegatsiya rahbarlari oldida chiqish qilib, Ostonada davom etayotgan chempionat IWF tomonidan joriy etilgan yangi vazn toifalari asosida tashkil etilayotganligi “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlari davrining boshlanganligidan dalolat ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatimizda og‘ir atletika sport turining rivoji borasida qilinayotgan ishlar, Olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston, Olimpiya cho‘qqilari” o‘yinlari yo‘lga qo‘yilgani xususida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.

Qit’a chempionatining kechagi kun dasturidan o‘rin olgan o‘smirlar o‘rtasidagi 53 kg. vazn toifasidagi bahslarda Vatanimiz sharafini Mushtary Uralova himoya qildi.
Xitoy, Yaponiya, Qozog‘iston, Hindiston kabi 20 ga yaqin mamlakatlarning sportchilari bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borgan M.O‘rolova ishtirokchilar orasida eng yosh bo‘lishiga qaramasdan 152 kg. toshni bo‘ysundirgan holda 5-o‘rinni egalladi.
Ushbu vazn toifasida sovrinli o‘rinlar Vetnam, Filippin, Turkmaniston og‘ir atletikachilariga nasib etdi.
Eslatib o‘tamiz, 10 iyulga qadar davom etadigan qit’a chempionatida O‘zbekiston yoshlar va o‘smirlar terma jamoasining 28 nafar a’zosi 16 ta vazn toifasidagi bahslarda qatnashmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA