Buyuk Britaniya Suriya bilan diplomatik aloqani 14 yillik tanaffusdan so‘ng tikladi.
Qirollik Tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotga ko‘ra, dekabr oyida Asad rejimi qulagach, idora rahbari Devid Lemmi ushbu arab mamlakatiga rasmiy tashrif uyushtirdi va Prezident Ahmad Ash-Shara’ bilan uchrashdi.

Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Hasan Shayboniy ham ishtirok etgan suhbat davomida Lemmi Britaniya yanada xavfsiz va farovon Suriyani qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi. Shu bilan birga ayni o‘tish jarayoni yanada qamrovli bo‘lishi kerakligini aytdi.
Mamlakatning barqarorligi Britaniya manfaatiga ham mos kelishini ta’kidlagan mehmon mulozim DAISH yo‘q qilinishi, xalq odam savdosi tuzog‘iga tushmasligi lozimligiga urg‘u berdi.
Insonparvarlik yo‘nalishida faoliyat olib boradigan “Oq dubulg‘alilar” bilan uchrashuvda esa vazir London tashkilotga bu yil kimyoviy qurollarni yo‘q qilish uchun 2 million funt sterling yordam ajratilishini e’lon qildi. Shuningdek, u xotin-qizlar ishlayotgan korxonalarga ham bordi.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya tijoriy va gumanitar xizmat tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun Suriyaga 94,5 million funt sterling ajratadi.
– Yangi hukumat bilan vazirlar darajasidagi birinchi muloqotimiz chog‘i suriyaliklar o‘z hayoti va mamlakatini qayta qurishda ajoyib muvaffaqiyatlarga erishayotganiga guvoh bo‘ldik, – degan Lemmi.
M.Pirmatova, O‘zA