Buxoro viloyati Olot tumanida zamonaviy savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar maskanlarni tashkil etish bo‘yicha “sohil bo‘yi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyiha doirasida aynan tuman markazidan oqib o‘tuvchi “Amu-Qorako‘l” kanalining 485 metr uzunlikdagi qismi atrofida yangi infratuzilma va tadbirkorlik sub’ektlari barpo etilishi maqsad qilingan.
Loyihaga daxldor tashkiliy ishlar, hududni obodonlashtirish, ta’mirlash va qurilish ishlari, sohil bo‘yining 0,5 kilometr qismida amalga oshirilayotgan qurilish, tekislash va obodonlashtirish tadbirlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, 1402 kvadrat metr yer maydoni 17 ta lotga bo‘linib, hozirga qadar 12 ta lot ochiq savdolarga chiqarilgan.


Loyiha doirasida ko‘chalarda yoritish ustunlari, o‘rindiqlar va chiqindi urnalarini o‘rnatish, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar o‘rnatish, shuningdek, piyodalar yo‘laklari, velo-yo‘laklar yo‘l chekkasida harakatlanishga xalal bermaydigan avtoturargohlar va zamonaviy o‘rindiqlar tashkil etish, ovqatlanish uchun qulay bo‘lgan “Food trak”lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bolalar o‘yingohi o‘rnatish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, hududga olib boruvchi yo‘llar ham to‘liq tartibga keltirilib, atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Bu esa yaqin oylarda ushbu joy nafaqat savdo va xizmat ko‘rsatish maskani, balki fuqarolar uchun qulay dam olish hamda sayr qilish maskaniga aylanishidan dalolat.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.