Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade bilan uchrashdi.
Unda mamlakatimizda demografik o‘sishning ijobiy imkoniyatlari, aholi turmush darajasini yanada oshirish hamda davlatimiz rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ayollar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratish, ularning ish va oilaviy mas’uliyatini muvozanatli olib borish bo‘yicha xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotni o‘rganish zarurati alohida ta’kidlandi.
Gender tenglik masalasida faqat statistik ko‘rsatkichlar emas, balki amaliy o‘zgarishlar muhimligi qayd etildi. Bu borada ayollar va qizlarning salohiyatini keng qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda malaka oshirish uchun o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
N.Abaszade O‘zbekistonda qizlar uchun ta’lim imkoniyatlarining kengayib borayotgani va bu kelajak uchun eng to‘g‘ri investitsiya ekanini alohida e’tirof etdi.
Raqamli zo‘ravonlikka qarshi qonunchilikni takomillashtirish, onlayn zo‘ravonlikka qarshi aniq huquqiy mexanizmlar ishlab chiqish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Senat va BMT Aholishunoslik jamg‘armasining 2025 - 2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
N.Abduraimova,
O‘zA