Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan "World Boxing" jahon kubogi bahslari kutilmagan natijalarga boyligi bilan ko‘pning e’tiborini qozonmoqda.
Kecha o‘tkazilgan janglar orasida hamyurtimiz Feruza Kazakova va Xitoy Taypeyi vakili Xuang Xsiao-Ven o‘rtasidagi jang final darajasida kechdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ikki karra jahon chempionligiga erishgan, "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Xuang Xsiao-Ven qarshiligini yengish, undan ochko tortib olish qanchalik murakkabligiga qaramasdan Kazakova muvaffaqiyat kalitini topa oldi. Hujumkor kechgan bahs yakunida Feruza Kazakova 3:2 hisobida g‘alabaga erishdi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Bugun, 4 iyul kuni 3 nafar bokschimiz ringga ko‘tariladi. Sabina Boboqulova -51 kilogrammda, Navbahor Hamidova -65 kilogrammda chorak finalda Pila Kaivo-Oja (Finlyandiya) va Beatriz Oliveira (Braziliya) bilan ro‘baro‘ kelsa, yarim final jangida qatnashadigan Oltinoy Sotimboyeva +80 kilogrammda Yeldana Talipova (Qozog‘iston)ga qarshi harakatlanadi.

Jahon kubogi musobaqalari 6 iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA