Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida davom etayotgan "Grand Chess Tour" tizimidagi navbatdagi “Rapid & Blitz Croatia” turnirining ortda qolgan 6 ta tur o‘yinlaridan keyin jahon chempioni hindistonlik Gukesh Dommaradju 10 ochko to‘plagan holda yakka peshqadamga aylanib oldi.
Kecha mukofot jamg‘armasi 175 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning 4, 5 va 6-tur o‘yinlarida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 1 ta durang, 2 ta mag‘lubiyat holatini qayd etdi.

4-turda Nodirbek oq donalarda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradjuga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. 5-turda amerikalik Uesli So bilan durangga erishgan Abdusattorov 6-turda uning hamyurti Fabiano Karuanaga oq donalar ochko taqdim etdi.

Amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju 5-turda oq donalarda Fabiano Karuanani, 6-turda qora donalarda Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratishi turnirning eng shov-shuvli natijasi sifatida e’tirof etildi.

Bugun, 4 iyul kuni rapid yo‘nalishida 7, 8 va 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Nodirbek Abdusattorov 7-turda qora donalarda polshalik Yan-Kshishtof Duda bilan, 8-turda oq donalarda Magnus Karlsen bilan, 9-turda qora donalarda Fransiya vakili Alireza Firuzdja bilan kuch sinashadi.
“Rapid & Blitz Croatia” turniri musobaqalari 6 iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA