Munosabat
Mazkur haftada keng jamoatchilik hamda xalqaro darajadagi tashkilot va ekspertlar nigohi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga qaratildi, desak yanglishmaymiz. Sababi, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunida davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Shuningdek, Boku shahrida "O‘zbekiston" bog‘iga tamal toshi qo‘yildi, mamlakatimizning Boku shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Prezidentimiz bugun Xonkendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etadi va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Qayd etish joiz, mazkur tashrif ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlar tarixida navbatdagi muhim bosqichga aylandi. O‘tkazilgan muzokaralar va imzolangan kelishuvlar nafaqat ikki tomonlama aloqalarni, balki mintaqadagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarning yo‘nalishini belgilashda ham muhim omil sanaladi.

E’tiborli jihati, ushbu uchrashuv joriy yilda ikki do‘st o‘lka o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari “Munosabatlarimiz tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada bo‘lmagan” deb ta’kidlar ekan, bu gaplar so‘nggi yillardagi yaqinlashuv va mushtarak maqsadlarning amaliy tasdig‘i sifatida yangradi.
Shuningdek, Ozarbayjon O‘zbekistonning ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi ekani ta’kidlandi. Bizning maqsadlarimiz, qarashlarimiz va intilishlarimiz o‘xshash. Xalqlarimizni azaldan qardoshligimiz va o‘zaro ishonchimiz asosini tashkil etayotgan tarix, qadriyatlar, til va madaniyat bog‘lab turibdi.
Shu maqsadda 2025–2029 yillarda Ittifoqchilik munosabatlarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Bu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni uzviy va samarali boshqarishning dasturiy asosidir.
Bundan tashqari, kema qurilishidan to ta’limgacha bo‘lgan turli sohalardagi 10 dan ortiq hukumatlararo kelishuvlar imzolandi. Ular orasida sanoat kooperatsiyasi dasturi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minotidagi amaliy harakatlar rejasi hamda ijtimoiy himoya sohasida hamkorlik dasturi kabi kelishuvlar bor.
Mamlakat yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi. Albatta, ushbu ko‘rsatkichga erishi uchun nafaqat xohish balki imkoniyatlarimiz ham yetarli. Xususan, 2024 yilda savdo hajmi 25 foizga oshgan, 300 ga yaqin qo‘shma korxona tashkil etilgan, investitsiya loyihalari portfeli 4 milliard dollarga yetkazilgan.
Mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, yuqori texnologiyalar almashinuvi, turkiy davlatlar bozorida raqobatbardosh mahsulot yetishtirish kabi maqsadlar ikki davlat ishbilarmonlari oldida ulkan imkoniyatlar ochadi.
Tashrif doirasidagi yana bir muhim yangilik: Prezidentlar transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratdilar. Bugungi kunda mamlakatlarimizni bog‘laydigan va boshqa strategik yo‘nalishlarga chiqish imkonini beradigan “O‘rta yo‘lak” faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, bahordan boshlab ushbu yo‘lakda elektron ruxsatnomalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yuklarini tashish hajmi 25 foizga oshdi. Ularning yillik hajmi bir million tonnadan ortdi.
“O‘rta yo‘lak” Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevropani bog‘lovchi asosiy magistral hisoblanadi. Ushbu yo‘lakning faollashuvi faqat O‘zbekiston va Ozarbayjon emas, balki Gruziya, Turkiya va Xitoy davlatlari ham manfaatdor bo‘lgan mintaqaviy integratsiyani mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil loyiha” bo‘yicha kelishuv ham tarixiy ahamiyatga ega. Bu loyiha energetik xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Qolaversa, Boku shahridagi “O‘zbekiston” bog‘i bu nafaqat arxitektura yodgorligi, balki do‘stlik va birodarlik ramzi sifatida ahamiyatga ega. Madaniy almashinuvlar, talabalar, rektorlar, baxshichilar festivali, parlamentlararo forumlar bularning barchasi xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining Ozarbayjonga qilgan tashrifi o‘zaro munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. Bu tashrifning ahamiyati shundaki u faqat ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlamaydi, balki butun Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida barqaror, pragmatik va uzoqni ko‘zlagan hamkorlikni yuzaga keltiradi. Ittifoqchilik munosabatlari, qo‘shma sanoat va energetika loyihalari, umumiy madaniy qadriyatlarga tayangan siyosat, bularning barchasi nafaqat bugungi, balki ertangi tinch, farovon va taraqqiy etgan mintaqamiz uchun xizmat qiladi.
Shu bois, tashrif doirasida erishilgan ezgu maqsadlarning hayotimizga to‘laqonli tadbiq etilishi bevosita ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlar rivojiga ham bog‘liq. Bu esa parlament a’zolaridan harqachongidanda faolroq bo‘lishni talab etadi.
Mavluda Adhamjonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA