Qozog‘istonning Olmaota shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Almaty Cadets Asian Cups 2025”ning ilk kungi bahslari yakunida O‘zbekiston terma jamoasi 16 ta medallar shodasiga ega chiqdi.
Bahslarda 4 qit’aning 10 davlatidan 459 nafar yosh dzyudochilar kurash olib bormoqda.

Turnirning ilk kunida o‘g‘il bolalar -50, -55, -60, -66 kilogrammda, qizlar -40, -44, -48 va -52 kg vazn toifalarida tatamiga chiqishdi. Murosasiz kechgan bellashuvlar davomida hamyurtlarimiz 4 ta oltin, 6 ta kumush, 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.

"Cadets Asian Cups 2025" musobaqalarining dastlabki kungi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston sporti mutasaddilari, xususan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Umarov va boshqalar qatnashdi.
Olmaotadagi qiziqarli bellashuvlar davom etmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA