O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining tashabbusi bilan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tamomila yangi bosqichda yuksalib, xalqlarimizning o‘zaro do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda. Buni Surxondaryo viloyati va qo‘shni mamlakatning Xatlon viloyati o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi aloqalar yildan yilga rivojlanmoqda. Bu jarayonda Surxondaryoda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar bilan xatlonliklar tanishishi, viloyat ahlining quvonchli kunlarida ishtirok etishi, surxondaryoliklarning esa yon qo‘shni viloyatdagi tadbirlarda qatnashib, o‘zaro tajriba almashishi ajoyib an’anaga aylandi. Yaqinda surxondaryolik turizm sohasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, madaniyat va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat delegatsiya Kulob shahrida “Xatlon-turizmning qaynoq yuragi” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro turizm forum-ko‘rgazmasida ishtirok etgani ham bunga yaqqol dalildir.

Dunyoning o‘nga yaqin davlatidan vakillar ishtirok etgan tadbir doirasida Surxondaryo viloyati delegatsiyasi qadimiy Xatlonning tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari va boshqa turizm ob’ektlari bilan tanishdi. Ayniqsa, Xatlon viloyatining Mo‘minobod tumanidagi so‘lim “Childuxtaron” ya’ni “Qirqqiz” tog‘lari qo‘yniga sayohat surxondaryoliklarda katta qiziqish uyg‘otdi. Delegatsiya a’zolarini tuman hokimi o‘rinbosari Mirzo Barotzodo Salohiddin Mo‘minobodning boy turistik salohiyati bilan tanishtirdi.
– Qirqqiz so‘lim va go‘zal maskanlarimizdan biri, –deydi tuman hokimi o‘rinbosari Mirzo Barotzodo Salohiddin. – Tumanda turistlarni o‘ziga jalb etadigan maskanlar, maftunkor tabiat manzaralari ko‘p. Hududga har kuni ko‘plab mahalliy va xorijlik sayyohlar kelib, bu yerdagi tabiat manzaralari, zamonaviy yangi inshootlar va tarixiy obidalar bilan tanishadi, bahra oladi, miriqib tomosha qiladi. Bu joy qadimdan turli boyliklarga serob bo‘lgan. Bu jangarilar e’tiborini tortgan. Ular bir necha marta vodiyga kirishga urinib ko‘rgan. Ammo har safar qattiq qarshilikka duch kelgan. Bu holatlar Qirqqiz bilan bog‘liq rivoyatlarda ham o‘z aksini topgan.

– Rivoyatlarda aytilishicha, – deya suhbatni davom ettiradi Mirzo Barotzodo Salohiddin. – Tog‘da qaddini tik tutib turgan cho‘qqilar bir zamonlar 40 nafar go‘zal va jasur qiz bo‘lgan. Kunlardan bir kun dushman vodiyga kelib, ularni o‘zlari bilan olib ketishni istashganida, qizlar Allohga iltijo qilib, o‘z nomusini saqlash uchun toshga aylantirib qo‘yishini so‘ragan va tosh bo‘lib qotib qolgan. Mahalliy xalq orasida yana bir rivoyat borki, unga ko‘ra, dushman qo‘shini bilan qattiq jangda 40 nafar yosh, go‘zal qiz erkak kiyimida jangga kirgan. Uch kechayu, uch kunduz jang qilgach, Allohga iltijo qilib, toshga aylanib qolgan.
– Qirqqiz Surxondaryoda ham bor, – deydi “Shalola” folklor-etnografik xalq ansambli raqqosasi Sayyora Qosimova. – Toshlardek qotib turgan bu Qirqqiz tog‘i bizlarga juda yoqdi. Bu joyning tabiati, go‘zalligini qarang. Havosi juda ham toza. Qishloq xushmanzara joyda joylashgan. Aholisi mehmondo‘st, samimiy. Bu yerga turistlarning ko‘proq kelayotgani bejiz emas ekan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WoxSUOoVUd0" title="Tojikistondagi “Qirqqiz” tog‘ini eshitganmisiz?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri