So‘nggi yillarda Hindiston iqtisodiyotining shiddat bilan o‘sishi nafaqat mintaqada, balki dunyoda yangi texnologik yetakchi davlat yuzaga kelayotganligini ko‘plab mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Hindiston iqtisodiyoti YAIM 6,5 foizga o‘sgan (2023 yilda esa o‘sish sur’ati 8,1 foiz bo‘lgan) bo‘lib, jahonda iqtisodiyot hajmi bo‘yicha 5-o‘rinda turadi.
Bugun Hindiston mamlakatga ko‘plab yetakchi xorijiy kompaniyalarni o‘z ishlab chiqarishlarini joylashtirish va yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishlariga, barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotgan davlat sifatida mintaqada dadil rivojlanib bormoqda.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi so‘nggi yillarda mamlakat aynan ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishda juda katta qadam tashlaganligini alohida ta’kidlab o‘tgan. Hozirda Hindiston aynan innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha strategik tarmoqlarga katta e’tibor qaratgan holda mintaqada iqtisodiy va texnologik jihatdan yetakchi davlatga aylanishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Shuningdek, buning tasdig‘i sifatida jahondagi ko‘plab yirik korporatsiyalar global ishlab chiqarish zanjirida Hindistonga muhim o‘rin bergan holda texnologik ishlab chiqarishni joylashtirishga harakat qilishmoqda.
Hindiston Bosh vaziri N.Modi 2014 yilda davlat hokimiyatiga kelganidan so‘ng keyingi o‘n yillikda mamlakatni texnologik rivojlanish yo‘liga olib o‘tganligini ko‘rish mumkin. Bunda, avvalo, Hindiston iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan texnologik tarmoqlar va sanoat sohalarini jadal taraqqiy ettirishga katta e’tibor qaratildi.
Quyida Hindiston iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yarimo‘tkazgichlar sohasi to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda jahon yarimo‘tkazgichlar bozori hajmi 2023 yilga nisbatan 19%ga o‘sib, 627 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bunda o‘sish sur’atlarining katta ulushi integral mikrosxemalar hissasiga to‘g‘ri kelib, 2024 yilda jami 534,5 mlrd. dollar miqdorida ishlab chiqarilgan.
Mikrosxemalarni tarkibiy jihatdan ko‘radigan bo‘lsak, 2024 yilda mantiqiy mikrosxemalar ishlab chiqarish 208,7 mlrd. dollarni va xotira mikrosxemalari ishlab chiqarish hajmi esa 167 mlrd. dollarni tashkil etadi.
Mikroelektronika sohasining istiqbollari va uning ko‘plab yangi strategik tarmoqlarni tezda taraqqiy etishidagi ahamiyati aksariyat rivojlanayotgan davlatlarni bu sanoatda ham yetakchi sanalgan davlatlar qatoriga kirishga undamoqda.
So‘nggi o‘n yillikda Hindiston mikroelektronika sohasida yetakchi sanalgan davlatlar qatoriga qo‘shilish borasida inqilobiy islohotlarni amalga oshirishga kirishdi. 2023 yilda Hindistonning yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha bozor hajmi 30 mlrd. dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2031 yilga kelib 79,2 mlrd.dollarga yetishi kutilmoqda. Bunda 2024–2031 yillar oralig‘ida tarmoqdagi yalpi o‘sish sur’atlari o‘rtacha 13,5 foizni tashkil etishi mumkin.
Mikroelektronika tarmog‘ining rivojlanishi
Shuni ta’kidlash lozimki, Hindiston 2015 yilda Digital India dasturini ishga tushirib, unga muvofiq mikroelektronika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha katta maqsadlar qo‘ygandi. Mazkur dasturga ko‘ra, Hindistonda kremniyli plastinalar ishlab chiqaruvchi korxonalar va 400 ming nafardan ortiq yuqori malakali muhandislarni tayyorlash rejalashtirilgandi.
Shunga qaramasdan 2024 yilgacha Hindiston mamlakatda mikrosxemalar ishlab chiqaradigan zavodlarni barpo eta olmadi va mikrosxemalarga bo‘lgan talabning aksariyat qismi xorijdan import qilish evaziga qoplanmoqda.
Shuningdek, 2021 yildan boshlab Hindistonda “Yarimo‘tkazgichlar missiyasi” dasturi amalga oshirib kelinmoqda va bu dasturning maqsadi mamlakatni mikroelektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish va dizayni bo‘yicha global markazga aylantirishdan iboratdir. Hindiston mikroelektronika sanoati uchun mikrosxemalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni qariyb 20 yildan ortiq rejalashtirib kelmoqda.
Bu borada 2023 yilga qadar Hindistonda mikrosxemalar ishlab chiqaradigan 2 ta zavod qurilishi bo‘yicha harakatlar bo‘lgan. Xususan, mahalliy Jaiprakash Associates kompaniyasi AQSHning IBM kompaniyasi va Isroilning Tower Jazz kompaniyasi bilan birgalikda mikrosxemalar ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Shuningdek, mahalliy HSMC kompaniyasi va Shveysariyaning STMicroelectronics kompaniyasi o‘rtasida mikrosxemalar ishlab chiqarish zavodini ishga tushirishga kelishilgandi. Mazkur loyihalar iqtisodiy rentabellik darajasining pastligi tufayli amalga oshmadi.
2026 yilda Hindistonning yarimo‘tkazgichlar sohasi yordamida turli sanoat tarmoqlarida qariyb 1 mln.ta ish o‘rini yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 300 mingta ish o‘rini yarimo‘tkazgichli mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi xodimlar, 200 mingta ish o‘rini yarimo‘tkazgichlarni yig‘ish, sinovdan o‘tkazish, markirovkalash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi ishchilar hamda qolgan ish o‘rinlari mikrosxemalarni loyihalash, dasturiy ta’minotlar yaratish, tizimli sxemalar yaratish va ishlab chiqarish zanjirini boshqarish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Mikroelektronika sohasidagi yetakchi xorijiy ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Hindiston hukumati mikrosxema ishlab chiqarish zavodlarini barpo etishda barcha ishlab chiqarish zanjiri Hindistonda joylashgan bo‘lishi va zavod mahalliy menejerlar tomonidan boshqarilishi lozimligi kabi qat’iy proteksion siyosati ma’lum ma’noda mikroelektronika sanoatini rivojlanishiga to‘siq bo‘ldi.
Xorijiy ekspertlar fikricha, Hindiston mikrosxemalar sohasida “fabrikasiz ishlab chiqarish” yondashuviga asoslanib, ya’ni mikrosxemalar dizayni bilan shug‘ullanib, uni ishlab chiqarishni xorijdagi kompaniyalarga buyurtma berish orqali sohani rivojlantirishi mumkin bo‘ladi.
Hindiston hukumati mamlakat tarixida ilk bor mikrosxemalar ishlab chiqarishni (28 (nm) hajmli) 2025 yilning avgust–sentyabr oylarida boshlashini ma’lum qilgan. Bunda mamlakat mikrosxemalarni ishlab chiqarishda yangi avlod chiplarga emas, balki turli sanoat tarmoqlarida keng foydalaniladigan eski avlod mikrosxemalar (65-nm va 28-nm) ishlab chiqarishga asosiy e’tiborni qaratishni rejalashtirgan. Bundan maqsad mazkur avlod mikrosxemalarini monitorlar drayveri, raqamli elektrotexnika jihozlari va elektromobillar ishlab chiqarishda ichki bozorda keng foydalanishga kiritishdan iboratdir.
Mikrosxema zavodlarini ishga tushirish loyihalari
2024 yil 11–13 sentyabr kunlari Hindistonning Katta Noyda shahrida Semicon India 2024 xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur tadbirda Hindiston Bosh vaziri N.Modi yarimo‘tkazgichlar sohasidagi dunyoning yetakchi kompaniyalari (NXP, Imec, Synopsys, Cadence Design Systems, Infineon Technologies, Micron Technology, Tower Semiconductor, Rapidus, Advantest, Applied Materials, Lam Research, Tokyo Electron) rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.
N.Modi yarimo‘tkazgichlar sohasini rivojlantirishda Hindiston xorijiy kompaniyalarga barcha sharoitlarni yaratib berishini ma’lum qilib, mamlakatda ushbu sohada investitsiya loyihalarini amalga oshirishga taklif etdi.
Shuningdek, N.Modi Hindistonda 113 ta universitet va ilmiy markazlar tomonidan yarimo‘tkazgichlar tarmog‘i uchun 85 ming nafar yuqori malakali muhandislar tayyorlanayotganligini ma’lum qilib, dunyoda ushbu soha bo‘yicha kadrlar salohiyatining 20 foizi Hindiston hissasiga to‘g‘ri келishини ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Hindistonda yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari, shu jumladan, xususiy sektorning bu boradagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan 12 mlrd. dollar miqdoridagi maxsus moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etilganligi qayd etildi.
N.Modi Hindiston yarimo‘tkazgichlar sanoatining xorijiy kompaniyalar uchun uchta muhim jozibador jihatini alohida ta’kidlab o‘tdi, ya’ni (1) tarmoq Hukumat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganligi, (2) mamlakatda yarimo‘tkazgichli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarining ortib borayotganligi hamda (3) yarimo‘tkazgichli mikrochiplardan foydalanadigan sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish salohiyati tobora kengayib borayotganligi ko‘rsatildi. Shu o‘rinda Hindistonda yarimo‘tkazgich ishlab chiqarishni tashkil etadigan kompaniyalarga bu investitsiya faoliyati uchun 50 foiz xarajatlarni Hukumat qoplab berishi joriy etilganligi ma’lum qilindi.
Hozirda mikroelektronika sanoatini rivojlantirish borasida Hindiston hukumati milliy va xorijiy kompaniyalarga yangi ishlab chiqarish hajmlarini ishga tushirish uchun yirik davlat investitsiyalari va subsidiyalarni ajratmoqda.
Masalan, Hindistonning “Tata Electronics” kompaniyasi Tayvanning “PSMC” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatda ilk bora 300 mm yarimo‘tkazgichli plastina chiplarni ishlab chiqarish korxonasini Gujarat shtatidagi Dxoler shahrida barpo etmoqda. Ushbu zavodning quvvati 50 ming plastinalarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, unga jalb etiladigan jami investitsiyalar hajmi 10,8 mlrd.dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Zavod 2026 yil dekabr oyida ishga tushishi belgilangan.
Bundan tashqari “Tata Electronics” o‘z texnologiyalariga asoslangan holda quvvati 48 mln. chiplarni ishlab chiqaradigan 3,2 mlrd. dollarlik yana bir zavodni qurmoqda. Mazkur korxona Assam shtatidagi Djagiroad shahrida barpo etiladi va 2025 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Hindistonda yarimo‘tkazgichli chiplarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan maxsus asbob-uskunalarni ishlab chiqarish bo‘yicha “Tata Electronics” kompaniyasi Yaponiyaning “Tokyo Electron Limited” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzolagan.
Shu o‘rinda Hindistonning xususiy sektori vakili sanalgan “Tata Group” kompaniyasining mikroelektronika sohasida davlat-xususiy sherikchilik asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mazkur sohaga yirik investitsiyalarni kiritishga bo‘lgan sa’y-harakati mazkur kompaniya kelgusi o‘n yilliklarda o‘z faoliyat yo‘nalishida elektron sanoat va avtomobilsozlikni rivojlantirishga kirishganligini yaqqol ko‘rsatadi.
Hindistonning mikroelektronika sohasini rivojlantirish borasidagi qat’iy qadamlaridan biri sifatida 2024 yil sentyabrda Hindiston Bosh vaziri N.Modi bilan AQSH Prezidenti J.Bayden o‘rtasida imzolangan Hindistonda mikrosxemalar ishlab chiqarish zavodini barpo etish bo‘yicha bitim ham ahamiyatli sanaladi.
Mazkur zavodda mamlakat xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan eng ilg‘or sensorli, kommunikatsiya va kuchlanishli elektron qurilmalar, yangi avlod telekommunikatsiya uskunalari va yashil energetika uchun ilovalar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu zavodda Hindistonning yarimo‘tkazgichlar tadqiqot markazi, 3rdiTech mikrosxemalar ishlab chiqaruvchisi va AQSH kosmik qo‘shinlari bilan hamkorlikda GaN va SiC modifikatsiyali chiplarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga Tata Group kompaniyasi AQSHning Analog Devices kompaniyasi bilan hamkorlikda Hindistonda elektromobillar va tarmoq infratuzilmalari uchun yarimo‘tkazgichli mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Bundan tashqari, Tata Group kompaniyasi mikroelektronika sanoatida strategik peshqadamlikka erishish maqsadida Singapurning ASMPT kompaniyasi bilan kadrlarni tayyorlash, servis muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, avtomatizatsiya, yarimo‘tkazgichlar sohasida ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish hamda chiplarni ilg‘or va integratsiyalashgan yig‘ish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Hindiston hukumati Gujarat shtatida umumiy investitsiya qiymati 916 mln. dollarni tashkil etgan mikrochiplarni yig‘ish zavodini ishga tushirishga ruxsat bergan. Mazkur zavod Yaponiyaning “Renesas Electronics”, Tailandning “Star Microelectronics” va Hindistonning “CG Power” kompaniyalari tomonidan hamkorlikda amalga oshiriladi. Zavod kunlik 15 mln. dona mikrochiplar ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladi va bu mikrosxemalar kosmos, elektromobil, yuqori tezlikdagi poyezdlar ishlab chiqarish va mudofaa sohasida foydalaniladi.
Yarimo‘tkazgichlar sanoatida Hindistonning yana bir “Larsen & Toubro” konglomerati so‘nggi uch yil ichida qiymati 300 mln. dollarlik investitsion loyihani amalga oshirishga kirishgan.
Mazkur loyihaga ko‘ra, “Larsen & Toubro” maxsus mikrochiplarni ishlab chiqaruvchilar bilan “fabless-model” tizimi (mikrochip ishlab chiqaruvchi zavod qurmasdan) asosida chiplarni sotib olish bo‘yicha kontraktlar tuzib, Hindiston bozoriga 15 turdagi mikrosxemalarni yetkazib berishni va bu savdo operatsiyalarini 2027 yildan boshlab yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Hindistonning “L&T Semiconductor Technologies” kompaniyasi AQSHning IBM kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy protsessorlar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va yaratish borasida kelishuvga erishgan.
Gofurjon Usmanov,
A’zamov Sardor,
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mas’ul xodimlari.