Polsha janubidagi Oblazova g‘orida olib borilgan arxeologik qazishmalar chog‘ida xalqaro olimlar guruhi tarixiy ahamiyatga ega topilmani aniqladi — bu, taxminlarga ko‘ra, hozirgacha ma’lum bo‘lgan eng qadimgi bumerangdir. Tadqiqot natijalari nufuzli PLOS One ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Qazishmalarni Italiya, Shveysariya, Polsha va boshqa mamlakatlardan kelgan arxeologlar olib bordi. Ular topilgan bumerang taxminan 23 ming yillik tarixga ega ekanini aniqlashdi. Ushbu buyum mamont suyaklaridan yasalgan bo‘lib, o‘sha davrdagi insonlarning ovchilik va hunarmandchilik darajasini aks ettiradi.
Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, bu bumerang qaytuvchi emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga uriladigan turga kiradi. U asosan qushlar yoki kichik hayvonlarni ovlash uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
Topilmaning ahamiyati shundaki, u Yevropa hududida insoniyatning qadimgi ov vositalaridan qanday foydalanganini va mehnat qurollari qanday rivojlanganini ko‘rsatib beradi. Shuningdek, bu bumerang qadimgi madaniyatlar va ularning texnologik imkoniyatlari haqida muhim ilmiy ma’lumotlar beradi.
Mazkur kashfiyot arxeologiya olamida katta qiziqish uyg‘otdi va qadimgi insonlar hayot tarzini chuqurroq tushunishga zamin yaratmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/UPZUUJeLfTA?si=XcTwP8ZHUedudVOn" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA