Amerikaning yirik texnologik kompaniyasi Amazon omborlarida foydalanilayotgan robotlar soni tez orada u yerda ishlayotgan odamlar sonidan oshib ketishi mumkin.
Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Amazon omborlarida hozirda bir milliondan ortiq robot ishlamoqda. Bu kompaniya uchun rekord ko‘rsatkich bo‘lib, robotlar soni deyarli xodimlar soniga tenglashgan. Amazon orqali yetkazib beriladigan buyurtmalarning 75 foizida robotlar bevosita ishtirok etadi. Bu esa kompaniyaga ish unumdorligini oshirish va yangi xodimlarni ishga olish sur’atini kamaytirish imkonini bergan.
WSJ eslatishicha, Amazon 2012 yilda robotlar ishlab chiqaruvchi Kiva Systems(hozirgi Amozon Robotics) kompaniyasini 775 million dollarga sotib olganidan buyon ombor jarayonlarini avtomatlashtirish ustida faol ishlamoqda. Dastlab robotlar asosan og‘ir yuklarni tashish uchun ishlatilgan, ammo vaqt o‘tishi bilan ular yuklarni ko‘tarish, saralash va qadoqlash kabi vazifalarni ham bajara oladigan darajaga yetkazilgan.
Amozon Roboticsning texnik direktori Tay Bredi The Wall Street Journalga bergan intervyusida avtomatlashtirish jarayoni ishchilarning ommaviy ishdan bo‘shatilishiga olib kelmasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, robotlar xodimlarning o‘rnini bosish uchun emas, balki ularning ishini yengillashtirish maqsadida joriy qilinmoqda.
Biroq, WSJning ayrim ekspertlari Amazon kelajakda yirik omborlarida ishchilar sonini sezilarli darajada kamaytirishni istashi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yGnx4L6WVI0" title="Amazon omborlarida tez orada robotlar soni odamlar sonidan oshib ketishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA