Joriy yilning iyun oyida Fransiyaning Nitssa shahrida joylashgan Université Cô d’Azur universitetida “UI Green Metric World University Rankings (IWGM) 2025” 11-xalqaro ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminar “Barqaror rivojlanish maqsadlarini oliy ta’limda amalga oshirish: Bizning muassasa va jamiyatimiz tarixi” mavzusi doirasida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan universitet vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etgan Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Hamidov ushbu global maydonda “Buxoro davlat universiteti tajribasi: Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’lim va mahalliy hamjamiyat bilan integratsiyalash” mavzusida ma’ruza qildi.

U o‘z taqdimotida BuxDUda SDG(Sustainable Development Goals – Barqaror rivojlanish maqsadlari)ni ta’lim jarayonlariga integratsiyalash, chiqindilarni boshqarish, yashil energiyadan foydalanish, ekologik xabardorlikni oshirish va mahalliy hamjamiyat bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Rektorning ushbu xalqaro anjumandagi ishtiroki seminar tashkilotchilari tayyorlagan rasmiy media blokda ham yoritilib, unda universitetning barqaror rivojlanishdagi yondashuvi yuqori baholandi. Seminar doirasida BuxDU va Université Cô d’Azur o‘rtasida o‘zaro memorandum imzolandi. Ushbu memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-tadqiqot, akademik almashinuv va SDG bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Fransiyadagi xizmat safari davomida O.Hamidov Tuluza shahar hokimi o‘rinbosari, Toulouse Métropole vitse-prezidenti Maxime Boyer bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Tuluza universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, sun’iy intellekt, xalqaro biznes kabi sohalarda hamkorlik qilish, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar almashuvini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishildi.
Seminar doirasida tashkil etilgan Nitssa shahri bo‘ylab madaniy sayohat ham ishtirokchilarga Fransuz Riverasining boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash imkonini berdi.
Mazkur xizmat safari davomida Buxoro davlat universiteti nafaqat ekologik barqarorlik va xalqaro reytinglar doirasidagi ishtirokini mustahkamladi, balki Yevropaning yetakchi universitetlari bilan ilmiy-akademik hamkorlikni yanada kengaytirishga zamin yaratdi. Ushbu tashrif O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’lim orqali ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.